O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Buxorodagi tarixiy joylarni ziyorat qildi

Saqlash
16:43 / 27.03.2026 24 0

Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Buxoroga tashrifi doirasida muqaddas obidalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Oliy martabali mehmon dastlab Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi. Mazkur majmua Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan maskanda barpo etilgan bo‘lib, u maqbara, masjidlar, xonaqoh, daxma hamda so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bu yerda Qur’on tilovat qilinib, o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab duo qilindi, O‘zbekistonga tinchlik va farovonlik tilandi.

 

 

Shundan so‘ng prezidentlar Ark qo‘rg‘oni bilan tanishdi. Mazkur qal’a Buxoroning eng qadimiy inshootlaridan biri bo‘lib, qariyb 1500 yil davomida hukmdorlar qarorgohi sifatida xizmat qilgan.

 

Tashrif davomida Poyi Kalon majmuasi ham katta qiziqish uyg‘otdi. Prezidentlar, shuningdek, Labi Hovuz ansamblini ham ko‘zdan kechirdi.

 

 

Tashrif chog‘ida Tojikiston yetakchisiga har bir tarixiy obidaning me’moriy yechimlari, milliy hunarmandchilik namunalari, naqsh va ramzlarning mazmuni haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilishicha, Buxoroning boy tarixi, Buyuk ipak yo‘lidagi o‘rni hamda ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi Tojikiston delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//