“Globallashgan dunyoda o‘zlikni saqlash – bu strategik masala”. Yagona ma’naviy makon barpo etish mavzusi muhokamada

Saqlash
16:38 / 25.03.2026 98 0

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “O‘zbekistonda yagona ma'naviy makon barpo etishning strategik yo‘nalishlari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

 

 

Konferensiyada mamlakatimizda ma’naviy muhitni mustahkamlash, jamiyatda umumiy qadriyatlar makonini shakllantirish hamda aholining mafkuraviy immunitetini kuchaytirish masalalari ilmiy-amaliy jihatdan muhokama qilindi.

 

Tadbirda professor-olimlar, soha mutaxassislari, tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar vakillari ishtirok etib, dolzarb mavzular yuzasidan o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

 

 

Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, milliy qadriyatlarni asrash hamda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga qaratilgan qator ilmiy taklif va amaliy tavsiyalarni ilgari surdilar. Konferensiya yakunida bildirilgan taklif va mulohazalarni kelgusida amalga oshiriladigan ishlar rejasiga kiritish belgilab olindi.

 

Goto Mikako, yapon tarbiya metodologiyasi bo‘yicha xalqaro ekspert (Yaponiya):

 

 

– Yaponiyaning ikkinchi jahon urushidan keyin tiklanishi ko‘pincha sanoat, texnologiya, menejment va mehnat intizomi bilan izohlanadi. Bu albatta to‘g‘ri, lekin shu omillarning ichida hal qiluvchisi – inson kapitali hisoblanadi. Texnologiyani sotib olish, patentni o‘rganish, ishlab chiqarishni tashkil qilish mumkin. Ammo bularni harakatga keltiruvchi kuch – tarbiyali inson, mas’uliyatli shaxs va vijdonli avlod hisoblanadi.

 

Yapon pedagogikasi markazida Ta’lim – tarbiya emas, Tarbiya – ta’lim tamoyili turadi. Bu bejiz emas. Chunki yaxshi tarbiyalanmagan bolaga faqat bilim berishning o‘zi yetarli emas. Tarbiya – fanlarni bir-biriga bog‘laydigan ikki mehvardir. Men buni ko‘pincha Yapon yelpig‘ichi ramzi sifatida tushuntiraman. Yelpig‘ichning turli qatlamlari fanlar, ularni birlashtirib turgan markaziy mix esa tarbiyadir. Agar o‘sha markaz bo‘lmasa qatlamlar sochilib ketadi. Agar tarbiya bo‘lmasa bilimlar ham shaxsni yaxlit insonga aylantira olmaydi.

 

Ozbekistonda yapon tarbiya metodologiyasi, axloqiy tarbiya tajribasi, yoshlarda fazilat shakllantirish texnologiyasi organilayotgani meni juda quvontiradi. Bu holatni men shunchaki ilmiy qiziqish emas, chuqur ma’naviy yondashuv deb qabul qilaman.

 

 

Ra’no Turdiboyeva, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD):

 

 

– Eng avvalo boqimandalik kayfiyatidan chiqib keta olmayotgan qatlam bilan ma’naviy kurash olib borish oldimizda turgan vazifalardan biridir.

 

Birinchidan,  boqimandalik kayfiyatidagi fuqarolar bilan manzilli ishlarni olib borish uchun Mahalla yettiligi a’zolariga farovonlik sari o‘zgarish qilmasdan turib natijaga erishib bo‘lmasligini tushuntirishimiz kerak.

 

Ikkinchidan, mahallalarda mehnat, halollik, oilaviy qadriyatlar asosida o‘ziga bo‘lgan ishonch va farovon hayot sari intilish hissini oshirishga qaratilgan ishlarni olib borishimiz kerak.

 

Uchinchidan, mahallalarda ma’naviy ko‘makchilar imkoniyatlaridan samarali foydalanishimiz kerak. Bular kimlar? Nuroniylar, Oqila ayollar harakati a’zolari, kayvonilar...

 

To‘rtinchidan, oilalar va aholi bilan yakka tartibda ishlash jarayonida yaxshi yashash uchun eng avvalo yaxshi mehnat qilish, huquq vq erkinlik bilan birga javobgarlik va mas’uliyatni ham chuqur his etish zarurligini anglatish kerak.

 

Beshinchidan, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga avlod, ajdodlarimizning eng noyob fazilatlari: axloq, odob, qadriyatlar, kasb-hunarlar, sulolaviy an’analarni namoyon ettirish  kerak.

 

Oltinchidan, farovonlikni ma’naviy tomonlarini o‘rganadigan ilmiy-tadqiqot ishlarini ko‘paytirish kerak.

 

 

Kamoliddin Rabbimov, siyosatshunos:

 

 

– Insoniyat tarixida, taqdirida oldin kuzatilmagan yangi bir davr boshlandi. Bu – globalizm. Insoniyat bundan keyin faqat bir-biriga qorishib boradi va o‘tmishda o‘zliklar shakllandi, bundan keyin birlashib boradi. Biz bir nuqtada ko‘paydik. Konservatizm – mening otam, mening bobom mendan aqlliroq, ya’ni ajdodlarimiz bizdan aqlliroq bo‘lgan, degan qarash. Progresistlarning qarashi esa ota-onamizni hurmat qilamiz, lekin biz ulardan ko‘proq narsani bilamiz va ko‘proq narsani o‘zgartirishimiz kerak, degan qarashni ilgari suradi.

 

Globallashgan dunyoda o‘zlikni saqlash – bu strategik masala. Ma’naviy barqarorlikka ehtiyoj ma’naviy sog‘lom muhit zarurati konservativ jamiyatlardagi oddiy ehtiyoj hisoblanadi. Ma’naviy qadriyatlar nuqtai nazaridan O‘zbekiston jamiyatini mo‘tadil konservativ jamiyat deb bemalol aytish mimkin. Oila qadriyati, er-xotin, ota-bola munosabati, insonlar ortasidagi tarixan shakllangan muvozanat va munosabatlar qadriyati, ayolga hurmat, ehtirom, farzandlarni yuksak qadrlash, kop farzandlilik, mahalladagi birodarlik, yaxshi qoshnichilik ruhiyati va shunga o‘xshash qadriyatlarmiz tarixan shakllangan.

 

An’anaviy va konservativ jamiyatdagi ma’naviy muhitning o‘zgarishiga, buzilishiga sabab bolayotgan koplab omillar mavjud. Zamonaviy dunyoda bu omillarning zanjir effekti birgalikda ta’sir qilish holatini ham kuzatish mumkin.

 

Nazarimda, ma’naviy makon deganda O‘zbekiston jamiyatining barqarorligi va yashovchanligi, raqobatbardoshligi va hayotiy energiyasini yuqori darajada qolishi uchun kerakli bo‘lgan qadriyatlar tizimiga aytiladi. Men mutaxassis emasman, o‘z gipotezalarimni aytyapman. Ma’naviy makonning saqlanishi, himoya qilinishi jamiyat taraqqiyotining, O‘zbekiston xalqining yashab qolishi uchun kerak bo‘lgan fundamental zarurat  sifatida ko‘riladi.

                                                                              

Dilfuza MAHKAMOVA,

Oyina.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//