Yangi Toshkentga 32 gektar maydonli “Buyuk Ipak yoʻli” majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda

Saqlash
08:59 / 25.03.2026 31 0

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Buyuk Ipak yo‘li” loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lumot berilishicha, Yangi Toshkent shahrini barpo etish doirasida birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda qurilish ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu bosqich yakunida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratiladi. Loyiha to‘liq ro‘yobga chiqarilganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi.

 

 

Maydoni 32 gektar bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi Yangi Toshkentning muhim jamoat va madaniy maskanlaridan biri sifatida barpo etiladi. Loyiha doirasida turar joylar, tijorat obyektlari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim markazlari hamda boshqa zamonaviy infratuzilma obyektlari qurilishi ko‘zda tutilgan.

 

Qayd etilishicha, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bilan bog‘liq turli sivilizatsiyalarga bag‘ishlangan mavzeli mahallalar tashkil etiladi. Har bir hudud Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlarni aks ettiradi. Taqdimotda O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratilib, unda milliy tarix, madaniyat va qadriyatlarni har bir bino va jamoat makonida ifodalash zarurligi ta’kidlandi.

 

Shuningdek, mamlakatning boy tarixiy merosini keng namoyish etish maqsadida qator muzeylarni modernizatsiya qilish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida yangi muzey tashkil etish, “Bahouddin Naqshband” ilmiy-innovatsion muzeyi faoliyatini boyitish hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy dizayn va ekspozitsiyalar asosida yangilash takliflari bildirildi.

 

 

Ta’kidlanishicha, mazkur loyihalarning asosiy maqsadi milliy tarixni chuqur yoritish, zamonaviy madaniy infratuzilmani shakllantirish va turizm salohiyatini oshirishdan iborat. Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalarni ma’qullab, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//