Madaniyat
Taniqli kinorejissyor, “Doʻstlik” ordeni sohibi Rashid Malikov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti rahbari – Respublika kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish kengashi raisi Gayane Umerova nomiga ochiq maktub yoʻlladi.
Maktubda milliy kinematografiyada chuqur inqiroz mavjudligi taʼkidlangan.
Malikov maktubida oʻzbek kinosi sanʼat asari darajasidagi filmlarni ishlab chiqarmayotganini, milliy filmlar oliy toifali xalqaro kinofestivallarda ishtirok etmayotganini yozgan. Shuningdek, rejissyorga koʻra, “Tomoshabinlar bu filmlarga bormaydi, davlat tomonidan moliyalashtirilgan barcha filmlar zarar bilan yakunlanmoqda – ular sarflangan xarajatlarning hatto kichik qismini ham qoplamaydi”.
Rejissyorning fikricha, buning asosiy sababi “Oʻzbekkino rahbariyatining malakasizligi va tanish-bilishlikdir”.
“Soxta pitching tizimi orqali kino ishlab chiqarish buyurtmalari cheklangan doiradagi yaqin shaxslarga beriladi, mavzular esa idora rahbariyatining oʻz qarashlaridan kelib chiqib belgilanadi. Natijada rangsiz, shaxsiyatsiz, janr jihatidan noaniq filmlar yuzaga kelmoqda, ular oddiy tomoshabin uchun ham, nufuzli kinofestivallar uchun ham qiziq emas”, – deydi rejissyor.
Malikovga koʻra, qoʻshni Qirgʻiziston, Qozogʻiston ijodkorlari jahon kinofestivallarida salmoqli ishtirok etadi va ularda kino ishlab chiqarish kreativ iqtisodiyotning yuqori daromadli sohasiga aylangan.
Rejissyor Gayane Umerovaga murojaat qilar ekan, oʻzbek kinosini isloh qilish vaqti kelganini va bu jarayonga shaxsan aralashishini soʻraydi.
Hozircha ushbu ochiq maktubga nisbatan biror rasmiy munosabat bildirilmadi.
Maʼlumot uchun: Rashid Malikov oʻzbek tomoshabinlari orasida “Chinor ostidagi duel”, “Kelinlar qoʻzgʻoloni” filmlaridagi aktyorlik, “Togʻa”, “Sabot” filmlarida esa rejissyorlik ishi bilan tanilgan.
Madaniyat
Jahon
Madaniyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
112032
Jamiyat
94720
Jamiyat
90731
Jamiyat
75541
Jamiyat
//
Izoh yo‘q