Jamiyat
Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, oʻzbek adabiyotshunosligidagi yirik olim Baxtiyor Nazarov 18-yanvarda 77 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edik. OʻzAning maʼlum qilishicha, Baxtiyor Nazarovning vafoti munosabati bilan mamlakat rahbariyati, xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev hamdardlik bildirdi.
Baxtiyor Nazarov 1945-yil 17-sentyabrda Toshkent shahrida tugʻildi. 1966-yili Toshkent davlat universitetini (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti) tugatib, mehnat faoliyatini maktab oʻqituvchiligidan boshladi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti (hozirgi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti) aspiranturasida taʼlim oldi. Dastlab nomzodlik, soʻngra doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildi. 2000-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.
Isteʼdodli olim oʻzining 55 yillik ilmiy pedagogik faoliyati davomida Oʻzbekiston ensiklopediyasi tahririyati muharriri, Fanlar akademiyasi prezidenti maslahatchisi, bosh ilmiy xodimi, Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti kichik, katta ilmiy xodimi, boʻlim mudiri, ilmiy kotibi, direktori, Fanlar akademiyasi ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻlimi ilmiy kotibi, bosh ilmiy kotib oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimlarida samarali mehnat qildi.
Oʻzbek adabiy tanqidchiligining ilmiy asoslarini yaratish boʻyicha fundamental tadqiqotlar olib borib, sohada yuqori malakali kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi. Xususan, uning rahbarligida 10 nafar fan doktori va 20 dan ziyod fan nomzodlari tayyorlangan.
Baxtiyor Nazarovning XX asr oʻzbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayonga oid ilmiy ishlari, darsliklari, oʻnlab monografiya va risolalari, 200 dan ortiq ilmiy maqolalari zamonaviy oʻzbek adabiyotining badiiy saviyasini baholashda oʻziga xos oʻrin tutadi.
Akademik Baxtiyor Nazarovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoniga sazovor boʻlgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Baxtiyor Nazarovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov, A.Aripov, B.Yoʻldoshev, S.Saidov.
Siyosat
Madaniyat
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q