Ilm-fan
Bugungi kunda biz 10 lik tizimga o‘rganganmiz, ya’ni hamma narsa 10 soniga asoslangan. Lekin vaqt masalasida 60 lik tizimdan foydalanamiz. Xo‘sh nega?
Buning tarixi qadimgi Mesopotamiya (hozirgi Iroq hududi) xalqlariga borib taqaladi.
Miloddan avvalgi 3000-yillarda yashagan shumerliklar va keyinchalik bobilliklar matematika va astronomiyada juda ilg‘or bo‘lishgan. Ular uchun 60 soni “sehrli” hisoblangan.
Masalan, 60 ning 10 sonidan ustunligi — uning ko‘p sonlarga qoldiqsiz bo‘linishida. Ya’ni 60 raqami 1, 2, 3, 4, 5, 6, 10, 12, 15, 20 va 30 ga qoldiqsiz bo‘linadi. Biz ishlatadigan 10 lik tizim esa faqatgina 1, 2 va 5 ga bo‘linadi.
Qadimgi Mesopotamiyada ishlab chiqilgan 60 soniga asoslangan tizim savdogarlar va olimlar uchun juda qulay bo‘lgan. Misol uchun, hisob-kitoblarni yuritish, soatning yarmi, choragi yoki uchdan birini bildirish, yer maydonlarini bo‘lish va soliqlarni hisoblashda bu tizim osonlik tug‘dirgan.
Astronomiyada ham xuddi shunday. Bobilliklar osmon jismlarini kuzatish davomida bir yilni taxminan 360 kun deb hisoblashgan, ya’ni doira shaklida. 360 soni esa 60 ning 6 barobaridir. Ular osmonni va vaqtni bo‘laklarga ajratishda aynan shu mantiqqa tayanishgan.
Xo‘sh, sekund va minut qayerdan kelib chiqdi?
Minut so‘zi lotincha “pars minuta prima” so‘zidan olingan bo‘lib, “birinchi kichik qism” degan ma’noni anglatadi.
Sekund ham lotincha so‘z bo‘lib, “pars minuta secunda” so‘zidan olingan. Uning ma’nosi “ikkinchi kichik qism” deganidir. Bu minutdan keyingi bo‘linish ma’nosini beradi.
Yana bir qiziq fakt. Bobilliklar ham sanashda biz kabi barmoqlarni ishlatgan. Ammo boshqacharoq. Ular 60 gacha sanoq jarayonida barmoq bo‘g‘inlaridan foydalanishgan. Bunda bir qo‘lning bosh barmog‘i yordamida qolgan 4 ta barmoqdagi 12 ta bo‘g‘in sanalgan. Ikkinchi qo‘lning 5 ta barmog‘i esa har bir 12 talikni belgilash uchun xizmat qilgan. Yakunda 5 ta 12 lik yig‘indisi 60 bo‘lgan.
12 va 24 sonining vaqt o‘lchov tizimiga kirib kelishi ham qadimiy ajdodlarga borib taqaladi.
Ta’kidlanishicha, 12 soni tabiatning o‘zidan kelib chiqqan. Jumladan, bir yilda taxminan 12 ta to‘lin oy (oy aylanishi) sodir bo‘ladi. Bu vaqtni bo‘laklash uchun eng tabiiy asos bo‘lgan. Bundan tashqari, bobilliklar va misrliklarning sanoq tizimi ham 12 raqamiga mos kelgan.
24 sonining qo‘zg‘almas nuqtaga kelishida misrliklarning hissasi katta. Ular kunduzgi vaqtni 10 ta teng qismga bo‘lishgan, shuningdek, tong otishi va shom tushishi uchun yana alohida 2 soat ajratishgan (jami 12 soat). Bu kunduzgi vaqt uchun.
Tungi vaqtni o‘lchash uchun esa ular “dekanlar” deb atalgan 12 ta yulduz guruhidan foydalanishgan. Har bir yulduz guruhining chiqishi bir soat deb belgilangan (jami 12 soat).
Unda 24 va 60 sonlari qanday birikib ketdi?
Tahlillarga ko‘ra, bu ikki tizimni yunon astronomlari (masalan, Gipparx va Ptolemey) birlashtirgan. Ular misrliklarning 24 soatlik kunini bobilliklarning 60 lik matematik tizimi bilan omuxtalashtirgan. Natijada biz bugun ishlatadigan 1 soat = 60 minut va 1 minut = 60 sekund standarti paydo bo‘lgan.
Xulosa qilib aytganda, 12 — bu tabiat (oylar) va barmoq bo‘g‘inlari, 24 — misrliklarning kunduz va tun bo‘linmasi, 60 esa bobilliklarning matematik hisob-kitob uchun qulay raqamidir.
Hayratlanarli tomoni shundaki, hozirgi davr odamlari o‘z ajdodlariga qaraganda ancha aqlli deya ta’kidlansa-da, aslida oddiygina vaqtni hisoblashda hamon qadimgi ajdodlarining o‘lchov tizimiga ehtiyoj sezmoqda.
Buning sababi shundaki, vaqt o‘lchovi uchun mazkur tizim shunchalik mukammalki, ming yillar davomida ham uni o‘zgartirishga ehtiyoj qolmagan. Hozir ham ehtiyoj yo‘q.
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
112166
Jamiyat
94848
Jamiyat
90919
Jamiyat
75705
Jamiyat
//
Izoh yo‘q