Endi ayrim toifadagi shaxslar shahar transportidan bepul foydalanadi

Saqlash
18:44 / 17.04.2026 68 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, shuningdek, bu sohadagi qonunchilik bazasini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

 

Taqdimotda ruhiy holatida buzilishlari mavjud nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqildi.

 

2026-yil 1-iyunga qadar 2026-yil 1-iyunga qadar rivojlanishida nuqsoni bor 0-3 yoshli bolalar uchun maxsus pedagogik va jismoniy rivojlantirish xizmatlari bepul yo‘lga qo‘yilishi ham aytib o‘tildi.

 

Shuningdek, anatomik nuqsonlar bilan tug‘ilgan bolalarning qo‘shimcha tibbiy tekshiruv va jarrohlik xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.

 

Qayd etilishicha, ruhiy holatida buzilishlari mavjud I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ham 2026-yil davomida bosqichma-bosqich yangi ijtimoiy xizmatlar joriy etiladi. Jumladan, “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmati, uy sharoitida qarab turish xizmati, kichik hajmli “Madad” uyi xizmati va “Ijtimoiy ta’til” qisqa muddatli joylashtirish xizmati yo‘lga qo‘yiladi.

 

2026-yilda 8300 nafar ruhiy holatida buzilishlari mavjud shaxsni yangi xizmatlar bilan qamrab olish, 600 tagacha nodavlat tashkilot va yakka tartibdagi tadbirkorlarni ijtimoiy xizmat ko‘rsatishga jalb etish rejalashtirilgan. Yangi xizmatlardan foydalanish bilan bog‘liq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi hisobidan subsidiya shaklida qoplab berilishi ta’kidlandi.

 

Takliflarga ko‘ra, "Muruvvat" uylarini yangilanib, mazkur muassasalar bosqichma-bosqich “G‘amxo‘rlik” markazlariga aylantiriladi. Ularda asosiy e’tibor tibbiy davolashga emas, balki shaxsni jamiyatga moslashtirish va mustaqil hayot ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratiladi.

 

Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish huquqiga ega toifalarni kengaytirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, I guruh nogironi bo‘lgan shaxslar va ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxsga, shuningdek, 1941-1945-yillardagi urush nogironlariga tenglashtirilgan shaxslarga mazkur huquqni tatbiq etish taklif qilinmoqda.

 

Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik va uyatsiz harakatlar sodir etganlik, shuningdek, pornografik materiallar tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari keskin kuchaytirilishi aytib o‘tildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//