O‘zbek jamiyatiga ta’sir etuvchi omillar nima?

Saqlash
12:07 / 21.03.2026 16 0

“Yuksalish” harakati tomonidan jamiyatni yuksaltirishga ta’sir qiluvchi salbiy va ijobiy omillarni o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi.

 

Unda 2 ta asosiy savol taqdim etildi: 1) Jamiyat rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar; 2) Birinchi savolda jamiyat rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan omillar.

 

Respondentlar 1-savolga javoban loqaydlik, tanish-bilishchilik va korrupsiya, boqimandalik, isrofgarchilik va dabdababozlik, mahalliychilik, shuningdek, mas’uliyatsizlik hamda beparvolik kabi omillarni qayd etgan.

 

Ikkinchi savolga esa qonun ustuvorligi, ilm va bilimga hurmat, shaxsiy mas’uliyat, adolatli bo‘lish hamda halollik va oriyat kabi qadriyatlar jamiyat taraqqiyoti uchun muhim ekanini javob sifatida ta’kidlangan.

 

Rivojlanishga to‘sqinlik qilayotgan omillar

 

Birinchi savol natijalari shuni ko‘rsatdiki, jamiyat rivojiga eng katta to‘sqinlik qilayotgan omil — bu loqaydlikdir. Respondentlarning 61,6 foizi (277 ta javob) atrofdagi voqealarga befarq qarash, “menga daxli yo‘q” degan munosabatni asosiy muammo sifatida qayd etdi. Shuningdek, javoblarning yirik ulushi sifatida tanish-bilishchilik va korrupsiya illati ham 52,4 foiz (236 ta javob) bilan jamiyatning muhim muammolari safiga kirgan.

 

Ayrim javoblar, xususan, 51,6 foiz (232 ta javob) holatda boqimandalik kayfiyati tanlagan bo‘lsa, 45,8 foiz (206 ta javob) respondent to‘y va marosimlardagi dabdababozlikni taraqqiyotga xalaqit beruvchi omil deb hisoblaydi. 43,3 foiz (195 ta javob) ishtirokchi beparvolik va mas’uliyatsizlik jamiyat birdamligiga eng katta to‘siq bo‘layotganini ta’kidladi.

 

Mahalliychilik, hasad va g‘iybat, vaqtni qadrlamaslik, shuningdek, yoshlar fikri bilan hisoblashmaslik kabi odatlar so‘rov ishtirokchilari tomonidan nisbatdan kam tanlagan javoblar sifatida qayt etilgan.

 

Yuksalish uchun ustuvor qadriyatlar

 

Jamiyatni taraqqiy ettirish uchun qaysi qadriyatlar tayanch bo‘lishi kerak, degan savolga faollar so‘rovda shaxsiy fikrlarini turlicha nisbatda qayd etishgan.

 

Tanlangan javoblar orasida respondentlarning 66,9 foizi (301 ta javob) qonun ustuvorligini eng muhim omil sifatida ko‘rsatdi. Bundan tashqari, 46,7 foiz (210 ta javob) ishtirokchi ilm va bilimni yuksalishning ajralmas sharti sifatida qayd etdi. Ya’ni jamiyat rivojini malakali kadrlar va bilimli avlodsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

 

Shu bilan birga, shaxsiy mas’uliyat (43,6 foiz, 196 ta javob) , adolat (43,3 foiz, 195 ta javob), halollik va faol fuqarolik pozitsiyasi (35,1 foiz, 158 ta javob) ham muhim qadriyatlar sifatida e’tirof etildi.

 

So‘rov davomida ishtirokchilar bir qator ma’naviy masalalarga ham alohida e’tibor qaratgan. Avvalo, oila, insonparvarlik va o‘zaro hurmat jamiyatning eng muhim ustuni ekanligi urg‘ulangan. Shu bilan birga, rivojlanishning muhim sharti sifatida vaqtdan unumli foydalanish zarurligi aytilgan.

 

“Demak, mazkur o‘rganish “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshiriladigan yangilanishlarda iqtisodiy islohotlarning o‘zi yetarli emasligi ko‘rsatmoqda. Asosiy e’tibor inson kapitalini o‘zgartirishga, ya’ni fuqarolardagi loqaydlikni bartaraf etish va jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilishi zarur. Boshqacha aytganda, biz loqayd jamiyatdan mas’uliyatli jamiyatga o‘tishimiz shart. Aynan mana shu yondashuv 2026-yil uchun belgilangan dastur yo‘nalishlarining mazmun-mohiyatini belgilashi lozim”, deyiladi so‘rovnoma xulosasida.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//