Oʻzbekiston Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yubordi

Saqlash
15:15 / 18.03.2026 26 0

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami yuborildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq Afg‘onistonga navbatdagi insonparvarlik yordami yuborildi.

 

Qayd etilishicha, “Ayritom” chegara-bojxona posti orqali 17 ta yuk avtomashinasida jo‘natilgan beg‘araz yordam tarkibidan un, guruch, shakar, tushyonka, makaron, yog‘, tez tayyorlanadigan taomlar kabi 11 turdagi oziq-ovqat va 20 tonna turli to‘qimachilik mahsuloti, 500-1000 litr suv saqlaydigan idishlar o‘rin olgan.

 

 

Insonparvarlik yukini rasman topshirish marosimi Hayraton shahrida bo‘lib o‘tdi.

 

Marosimda so‘zga chiqqan Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Mavlaviy Abu Idris, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyati bo‘linmasi rahbariyati, shuningdek, Hayraton shahar hokimligi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqiga doimiy ko‘rsatib kelinayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, amaliy qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

 

Shuningdek, tadbirda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oybek Usmanov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//