“Elektrobuslar bo‘yicha Samarqand tajribasini yaratishimiz kerak” – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
14:21 / 18.03.2026 28 0

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida Samarqand shahrida jamoat transporti uchun olib kelingan zamonaviy elektrobuslar va quvvatlash stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

 

Davlat rahbarining 2023-yil 17-fevralda qabul qilingan “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida hududlarda ham avtotransport xizmatlari yaxshilanib, jamoat transporti yo‘nalishlari kengaytirilmoqda.

 

Aytilishicha, Samarqand shahriga birinchi bosqichda 49 million dollar hisobiga 100 ta zamonaviy elektrobus olib kelindi. Mazkur “Yutong” rusumli elektrobuslar 30 o‘rinli bo‘lib, umumiy sig‘imi 75 nafar yo‘lovchidan iborat.

 

 

Yangi avtobuslar uchun 4 gektarga yaqin maydonda avtosaroy tashkil etilgan. Bu yerdagi elektrobuslarni quvvatlash stansiyasida bir vaqtning o‘zida 50 ta jamoat transportiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratildi. Elektrobuslar shaharning 9 ta yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanib, kuniga 70 mingga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatmoqda.

 

Loyihaning ikkinchi bosqichida esa yana 150 ta elektrobus xarid qilish nazarda tutilgan. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan 120 million dollar mablag‘ jalb qilish rejalashtirilgan. Natijada yoqilg‘i sarfi 32 ming litr, zararli gazlar miqdori 27 tonnaga kamayadi.

 

 

Ma’lumot berilishicha, bugungi kunda avtosaroyda 265 nafar xodim mehnat qilmoqda. Yangi elektrobuslarning olib kelinishi jarayonida esa yana 500 dan ziyod ish o‘rinlari yaratiladi.

 

“Mazkur sohaning iqtisodiy barqarorligini oshirish uchun elektrobuslarga xizmat ko‘rsatadigan, ularni ta’mirlaydigan mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha Samarqand tajribasini yaratishimiz kerak”, dedi davlat rahbari.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//