Soliq qarzdorligi 1 mln so‘mdan ko‘p bo‘lgan iste’molchi elektr uchun to‘lov qilolmaydi

Saqlash
16:53 / 17.03.2026 32 0

Prezidentning 2025-yil noyabrda qabul qilingan qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslarning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha qarzdorligini undirishda elektr energiyasi billing tizimiga asoslangan yangi tartib joriy etildi. Bu haqda Soliq qo‘mitasining axborot xizmati xabar berdi.

 

Yangi tartibga bilan soliq qarzi 1 mln so‘mdan oshgan fuqarolar uchun elektr to‘lovlariga vaqtinchalik cheklov qo‘yilishi mumkin. Bunda fuqarolar bir necha bosqichda ogohlantiriladi. Dastlab soliq hisoblanganligi haqida xabarnoma taqdim etiladi, keyin SMS orqali eslatma yuboriladi. Ushbu ogohlantirishlar shuningdek, “Soliq” mobil ilovasi va Yagona portal orqali ham amalga oshiriladi.

 

Shunda ham qarzdorlik bartaraf etilmasa, soliq organlari elektr to‘lovlariga cheklov kiritilishi mumkinligi haqida qo‘shimcha SMS-xabarnoma yuboradi. Fuqarolar maxsus havola orqali qarzdorlik holati va ogohlantirish bosqichlarini kuzatishi mumkin.

 

Barcha ogohlantirishlarga qaramay qarz to‘lanmasa, elektr energiyasi uchun to‘lov amalga oshirish imkoniyati vaqtinchalik cheklanadi. Ushbu cheklov qarzdorlik to‘liq qoplanganidan so‘ng avtomatik tarzda bekor qilinadi.

 

Soliq qo‘mitasi sinov natijalari asosida 2026 yil 1-oktabrgacha uni boshqa hududlarda ham tatbiq etish bo‘yicha taklif kiritishi lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//