Koʻchmas mulk va transport savdosi naqdsiz shaklda amalga oshiriladi

Saqlash
09:26 / 17.03.2026 27 0

Koʻchmas mulk va transportlar oldi-sotdisida hisob-kitoblar endi naqdsiz shaklda notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashinuvi orqali amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot teleglar kanalida maʼlum qilindi.

 

Prezidentning 2025-yil 10-dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-246-son Farmoniga asosan, sotuvchi va xaridor oʻrtasidagi hisob-kitoblarni amalga oshirish mexanizmlarini belgilash hamda bitimlarni rasmiylashtirish jarayonida axborot xavfsizligi va maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash maqsadida:

 

Adliya vazirligi Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun notariuslar va banklar oʻrtasida elektron maʼlumotlar almashish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni (roʻyxat raqami: 3790, 16.03.2026-y.) davlat roʻyxatidan oʻtkazdi.

 

2026-yil 1-apreldan koʻchmas mulk obyektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini tasdiqlashda taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblarning amalga oshirilganligi notarius va banklar oʻrtasidagi elektron maʼlumotlar almashish yoʻli bilan aniqlanadi.

 

Unga koʻra, endilikda notariuslar koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlashni taraflar oʻrtasidagi hisob-kitoblar boʻyicha banklar tomonidan taqdim etilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiradi.

 

Koʻchmas mulk va transport vositalarining oldi-sotdi shartnomalari boʻyicha hisob-kitoblar quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 

- Xaridor yoki uning vakili bankka yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qiladi;

- Bank tomonidan taraflar oʻrtasida shartnoma boʻyicha kelishilgan pul mablagʻlari naqd yoki naqdsiz shaklda eskrou hisobvaragʻiga kirim qilinadi;

- Shartnoma toʻlov majburiyatlarini kechiktirish sharti bilan amalga oshirilsa, tegishli eskrou hisobvaragʻiga taraflar oʻrtasida kelishilgan (boshlangʻich) pul mablagʻlari kirim qilinadi;

- Shartnoma toʻliq yoki qisman kredit mablagʻlari asosida amalga oshirilganda, bu haqda kredit ajratayotgan bank tomonidan notariusga elektron maʼlumot yuboriladi;

- Xaridor yoki uning vakilining bankdagi (bank kartasi, talab qilib olinguncha, elektron hamyon) hisobvaraqlaridan eskrou hisobvaraq sifatida foydalanilishi mumkin;

- Taraflar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun notariusga murojaat qiladi;

- Notarius eskrou hisobvaragʻida mablagʻlar mavjudligini elektron shaklda tekshirib oladi hamda shartnomani tasdiqlaydi;

- Pul mablagʻlari sotuvchi yoki uning vakilining hisobvaragʻiga oʻtkaziladi yoki hisobvaragʻiga oʻtkazilgan mablagʻlar ularning soʻroviga koʻra naqd shaklda taqdim etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//