Yaqin Sharqdan qariyb 33 ming fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi

Saqlash
15:49 / 13.03.2026 26 0

O‘zbekistonga Yaqin Sharq davlatlaridan qaytarilgan fuqarolar soni 32 934 nafarga yetdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ma’lumot berilishicha, 12-mart kuni mamlakatning Qatardagi elchixonasi tomonidan 49 nafar fuqaro BAA va Saudiya Arabistoniga yetkazilib, so‘ngra Toshkentga uchib ketishlari ta’minlandi. Ayni paytda navbatdagi fuqarolar guruhi shakllantirilib, ularning Doha shahridan Dubay orqali O‘zbekistonga qaytishi masalalari ishlab chiqilmoqda. BAAdagi diplomatik vakolatxonalar tomonidan 147 nafar fuqaroning Toshkentga uchib ketishiga ko‘maklashildi.

 

O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi tomonidan 5 nafar o‘zbekistonlikning qo‘shni davlatlar hududi orqali chiqib ketishi ta’minlandi. Ushbu davlatdan vatanga qaytish istagini bildirgan fuqarolar bilan ishlar davom ettirilmoqda. Isroildagi diplomatlar tomonidan 4 nafar fuqaroning Misr orqali O‘zbekistonga qaytishi tashkil etildi.

 

O‘zbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi, Jidda shahridagi bosh konsulxonasi va Transport vazirligi bilan hamkorlikda charter reyslari orqali 2 735 nafar fuqaroning vatanga qaytishi ta’minlandi. Mazkur mamlakatda evakuatsiya tadbirlari yakunlandi.

 

Vazirlik O‘zbekiston fuqarolarining xavfsiz tarzda vatanga qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha diplomatik vakolatxonalar faoliyati davom etayotganini bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//