Toshkent shahri dizayn-kodi rasman tasdiqlandi

Saqlash
15:16 / 12.03.2026 52 0

Toshkent shahrining yagona qiyofasini yaratish va jamoat joylarini rivojlantirishga qaratilgan dizayn-kod xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi tomonidan rasman tasdiqlandi. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qoʻmitasi xabar berdi.

 

Dizayn-kod 2025 yil dekabrida Toshkent Invest kompaniyasi buyurtmasiga koʻra, Citymakers International tomonidan ishlab chiqilgandi. Hujjatda poytaxt hokimiyatining takliflari ham inobatga olingani aytilmoqda.

 

Maʼlumot uchun, Citymakers International – shaharlarni rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish jarayonini kuzatib borish bilan shugʻullanuvchi tahliliy va loyiha markazi hisoblanadi. Kompaniya Moskva shahridagi Zaryade Park loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan. Bu park zamonaviy arxitekturaning katta yutugʻi va Rossiya hamda uning poytaxtining yangi ramzi deb ataladi.

 

Endilikda yagona dizayn-kod bilan jamoat joylarini rejalashtirish, shahar dizayni elementlarini joylashtirish, tijorat obyektlarini bezash hamda shaharning vizual identifikatsiyasiga oid qoidalar belgilanadi.

 

Unda dizayn elementlari kataloglari, turistik va gastronomik koʻchalar roʻyxati, shuningdek, obodonlashtirish va sanitariya tozaligi uchun ekspluatatsiya yigʻimi miqdori ham kiritilgan.

 

Dizayn-kodini tartibga solishning asosiy yoʻnalishlari:

 

binolar arxitekturasi: materiallar, rang yechimlari, fakturalar, fasadlar, vitrinalar va kirish qismlarini bezash;

 

peshlavhalar va reklama: oʻlchamlari, shriftlari, yoritilishi va ruxsat etilgan joylashuvi;

 

obodonlashtirish: trotuarlar, koʻcha yoritkichlari, oʻrindiqlar, chiqindi qutilari, koʻkalamzorlashtirish elementlari;

 

koʻcha elementlari: toʻsiqlar, yoʻl koʻrsatkichlari, jamoat transporti bekatlari, kichik meʼmoriy shakllar;

 

tarixiy muhit: yodgorliklar va tarixiy hududlarning meʼmoriy qiyofasini saqlab qolish chora-tadbirlari.

 

Hujjatga koʻra, poytaxtdagi tuman hokimliklari ikki oy ichida bosh arxitektorlar nazorati ostida jamoat joylari chegaralari sxemalarini ishlab chiqishi kerak.

 

Arxitektura va shaharsozlik kengashi mavsumiy savdo, xizmat koʻrsatish obyektlari va qurilish-montaj ishlarini loyihalashtirishda dizayn-kod talablariga rioya etilishini nazorat qiladi.

 

Toshkent shahar hokimligi qurilish, taʼmirlash va rekonstruksiyaga ruxsat berishda, shuningdek yoʻllar, piyodalar yoʻlakchalari va boshqa infratuzilma elementlari bilan bogʻliq ishlar amalga oshirilganda ushbu qoidalarga rioya etilishini taʼminlaydi.

 

Toʻrt oy ichida poytaxt hokimiyati jamoat joylarida manzil koʻrsatkichlari va navigatsiya elementlarini tasdiqlangan standartlar asosida oʻrnatish va almashtirish dasturini ishlab chiqadi.

 

Shu bilan birga, dizayn-kod talablari kapital qurilishga oid shaharsozlik normalari va qoidalariga integratsiya qilinadi.

 

Bino tashqi koʻrinishini oʻzgartirish, rekonstruksiya qilish, yengil konstruksiyalar oʻrnatish, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlarini olib borish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil etish, reklama elementlarini joylashtirish, shuningdek muhandislik tarmoqlari va transport infratuzilmasini loyihalashtirish hamda modernizatsiya qilishda dizayn-kod talablariga rioya qilish tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy boʻladi. Kengash qarori rasman eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgach — kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//