MAGATE missiyasi AES qurilishi jarayonini oʻrganish uchun Oʻzbekistonga keladi

Saqlash
12:07 / 12.03.2026 27 0

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) missiyasi 2026-yilning ikkinchi yarmida atom elektr stansiyasi qurilishi jarayonini oʻrganish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu haqda “Oʻzatom” agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

 

“Oʻzatom” direktori Azim Ahmadxo‘jayev va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi Parijda oʻtkazilgan Yadro energiyasi boʻyicha II xalqaro sammit doirasida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

 

Tomonlar, shuningdek, Jizzax viloyatining Forish tumanida mamlakatdagi ilk AES maydonchasida dastlabki beton quyish ishlarini boshlash masalasini ham koʻrib chiqdi.

 

MAGATE rahbari loyihaning ahamiyatiga va uning oʻziga xos jihatiga – yagona majmua doirasida katta va kichik quvvatli reaktorlarni integratsiya qilish rejalashtirilganiga eʼtibor qaratdi, deya qoʻshimcha qildi matbuot xizmati.

 

Uchrashuv yakunlariga koʻra, MAGATE bosh direktori Oʻzbekiston yadroviy dasturi amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini tasdiqladi. U dastlabki beton quyish ishlarini boshlash marosimida ishtirok etish taklifini qabul qildi.

 

Tomonlar, shuningdek, MAGATE kotibiyatida oʻzbekistonlik mutaxassislar sonini koʻpaytirishga oʻzaro qiziqish bildirdi. “Bunday qadam milliy tajribani xalqaro loyihalarga samaraliroq integratsiya qilish imkonini beradi va mamlakatning atom sohasidagi kadrlar salohiyatini mustahkamlaydi”, – deyiladi agentlik xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//