“Tashabbusli byudjet”ning 1-mavsumi doirasida ovoz berish boshlandi

Saqlash
12:06 / 11.03.2026 32 0

“Tashabbusli byudjet”ning 2026-yilgi 1-mavsumi doirasida 11-martdan ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.

 

Ushbu mavsum doirasida fuqarolar tomonidan jami 21 049 ta loyiha kelib tushgan bo‘lib, shulardan 17 390 tasi saralash bosqichidan ovoz berish bosqichiga o‘tkazildi. Ovoz berish jarayonlari 20-mart soat 23:59 ga qadar davom etadi. Fuqarolar o‘zlariga qulay bo‘lgan quyidagi usullardan biri orqali ovoz berishi mumkin:

 

  • “Ochiq byudjet” portalining veb sahifasi;

  • portalning mobil ilovasi (Android va iOS);

  • Telegram’dagi rasmiy bot yordamida.

  •  

Shuningdek, ayrim hududlarning ovoz berish bosqichida ishtiroki  vaqtinchalik cheklandi. Xorazm viloyati Urganch shahri, Bog‘ot, Qo‘shko‘pir, Urganch, Xiva, Yangiariq tumanlari, Toshkent viloyati Zangiota tumani, shuningdek, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahri va Navoiy viloyatining G‘ozg‘on va Navoiy shaharlarida loyihalar ishchi komissiya tomonidan asossiz ravishda rad etilgani yoki “Tashabbusli byudjet” mezonlariga zid loyihalar ovoz berishga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi (vakolatli organ) tomonidan loyihalarni amaldagi qonunchilikda belgilangan mezonlarga asosan qayta ko‘rib chiqish yuzasidan so‘rovlar yuborilgan bo‘lsa-da, tegishli tuman (shahar) ishchi komissiyalari tomonidan loyihalar qayta ko‘rib chiqilishi ta’minlanmagan.

 

Shu munosabat bilan, ishchi komissiyalar tomonidan loyihalar amaldagi mezonlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqilmagunga qadar ushbu tuman (shahar)larda loyihalarga ovoz berish bosqichi vaqtinchalik cheklandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//