Dori vositalarini retsept bilan sotish tartibini buzganlik uchun jarima miqdori oshirildi

Saqlash
17:29 / 10.03.2026 35 0

Tegishli Qonun (OʻRQ–1120-son, 06.03.2026-y.) bilan ayrim dori vositalarini retsept boʻyicha sotishga tegishli qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarima solishga sabab boʻlishi belgilandi.

 

Amaldagi tahrirda mazkur huquqbuzarlik uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan.

 

Jinoyat kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, tarkibida kuchli taʼsir qiluvchi moddalar mavjud boʻlgan dori vositalarini retsept boʻyicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish, maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin yoki koʻp miqdorda sodir etilgan boʻlsa, BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

 

Amaldagi tahrirda jarimaning eng kam miqdori BHMning 100 baravarini tashkil etishi belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//