“Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlar loyihalariga 1 trillion so‘m ajratiladi

Saqlash
15:15 / 06.03.2026 25 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirida xotin-qizlar o‘z uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanishini ta’kidladi.

 

Qayd etilishicha, joriy yilda 166 ming xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari esa axborot texnologiyalari sohasiga o‘qitiladi.

 

“Daromadli ayol” dasturi orqali lider tadbirkorlar ko‘magida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yo‘nalishlarida 50 ming ayolning bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion so‘m ajratiladi”, dedi Prezident.

 

Umuman, joriy yilda 1,5 million ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish bo‘yicha katta marra olingan. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion so‘mdan ziyod resurs yo‘naltiriladi.

 

“Bugun oliygohda o‘qiyotgan qizlarning soni 904 mingdan oshib, jami talabalarning 54 foizini tashkil etmoqda. O‘tgan yili 60 nafar qizimiz dunyodagi eng nufuzli oliygohlarga o‘qishga kirgan. Stajyor-tadqiqotchilar va doktoranturada tahsil olayotganlarning 8,5 ming nafari, ya’ni 61 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani ham e’tiborlidir”, deya ta’kidladi davlat rahbari.

 

Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab ehtiyojmand oilalardagi ayollar uchun davlat granti kvotasi 2 karra oshirilib, 4 mingga yetkazilishi belgilandi. Top 300 talikdagi oliygohlar bilan qo‘shma ta’lim asosida magistratura bosqichida ta’lim olayotgan talaba-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi.

 

Maktabning 11-sinfini bitirib, davlat texnikumlariga kirgan qizlarni kasbga o‘qitish to‘liq davlat granti asosida bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//