Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ayollariga Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Saqlash
14:43 / 06.03.2026 67 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tayotgan bayram tadbirida butun O‘zbekiston ayollariga 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

 

“Inson hayotini, jamiyat taraqqiyotini xotin-qizlarsiz, ularning ezgu fazilatlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Biz sizlarning timsolingizda Uchinchi Renessans bunyodkori bo‘lib, maydonga chiqayotgan 22 million yosh avlodni onalik mehri bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan buyuk bir kuchni ko‘ramiz. Sizlar tadbirkor, olim, muallim, shifokor, muhandis, davlat va jamoat arbobi, bir so‘z bilan aytganda, xonadonlarimiz farishtasi, oila va jamiyat tayanchi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, dedi Prezident.

 

Shu bilan birga, mamlakatda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani ta’kidlandi. Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi. Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib, birorta qonun qabul qilinmaydi.

 

 

Ta’kidlanishicha, yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllandi, mirishkor fermer ayollar soni 12 ming nafardan oshdi. Ilm-fan rivojiga hissa qo‘shayotgan olimalari 6 ming nafardan oshdi. O‘tgan yili dunyo arenalarida qizlar 167 ta oltin, 193 ta kumush, 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.

 

“Xotin-qizlarimiz hayotidagi ana shunday katta o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi”, deya ta’kidladi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//