Jamiyat
Yaqin Sharq mintaqasida keskinlik kuchaygani ortidan besh mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi qaytarildi. Bu haqda Transport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hududda davom etayotgan harbiy nizo sabab qator davlatlar havo hududi vaqtincha yopilgan. Shu sabab Bahrayn, Kuvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar, Isroil, Iordaniya, BAA va Livan havo hududlari orqali parvozlar turli muddatlarga to‘xtatilgan.
Ma’lum qilinishicha, 28-fevraldan boshlab O‘zbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doha, Jidda, Tel-Aviv, Tehron va Kuvayt yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan barcha aviaqatnovlar bekor qilingan. Natijada 28-fevral—2-mart kunlari Kuvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar hamda BAA hududlaridan 1 681 nafar O‘zbekiston fuqarosi parvoz qila olmagan.
Shavkat Mirziyoyevning Fors ko‘rfazi mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarni vatanga qaytarishni samarali tashkil etish bo‘yicha bergan topshirig‘i asosida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar ishlab chiqildi. Jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligida 24/7 rejimida ishlaydigan shtab tashkil etildi.
Shuningdek, qator mamlakatlar havo hududi yopiq qolayotgani, vaziyat o‘zgarib borayotgani hamda xorijiy aviatsiya hukumatlari bilan o‘tkazilgan muzokaralar yakunlari inobatga olinib, aviakompaniyalar parvozlarni amalga oshirishda rioya qilishi lozim bo‘lgan talablar belgilangan.
Hozirda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026-yil 28-fevralgacha jo‘nab ketgan yo‘lovchilarni O‘zbekistonga qaytarish maqsadida maxsus reyslar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar mamlakat rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta reys bajarilib, ular orqali 4 948 nafar yo‘lovchi, shuningdek Dubay shahridan 235 nafar fuqaro O‘zbekistonga olib kelindi.
Transport vazirligi ushbu reyslar bo‘yicha ma’lumotlarni aniqlashtirish uchun faqat aviakompaniyalarning vakolatxonalari hamda ularning rasmiy veb-saytlarida ko‘rsatilgan telefon raqamlariga murojaat qilishni tavsiya qildi. Tushunmovchiliklar va moliyaviy xavflarning oldini olish uchun tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilmaslik so‘ralmoqda.
Yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligining call-markazi 24/7 rejimida ishlamoqda. Murojaat uchun telefon raqamlari: +998 (78) 120-00-72 va +998 (71) 200-07-65.
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
111577
Jamiyat
94634
Jamiyat
90620
Jamiyat
75082
Jamiyat
//
Izoh yo‘q