700 yillik qo‘lyozma Amerikadan O‘zbekistonga olib kelindi

Saqlash
15:41 / 04.03.2026 64 0

Pahlavon Mahmudga tegishli noyob qo‘lyozmaning Vatanga qaytarilishi va ilk bor barcha ruboiylarni yagona to‘plam sifatida nashr etish tashabbusi milliy ma’naviy merosni tiklash yo‘lidagi muhim tarixiy qadam sifatida baholanmoqda.

 

Pahlavon Mahmud merosi

 

Ma’lum bo‘lishicha, ishchi guruh tomonidan Pahlavon Mahmudga tegishli ilmiy jamoatchilikka noma’lum bo‘lgan 70 dan ortiq ruboiylar aniqlanib, tarjima qilindi. Yaqin vaqt ichida topilgan barcha ruboiylar ilk bor yagona to‘plam sifatida chop etilishi rejalashtirilmoqda.

 

Qo‘lyozma Vatanga qaytdi

 

Prezident tashabbusi bilan “Tirik tarix” turkumi doirasida Pahlavon Mahmud hayoti haqida “Xiva langari” badiiy filmi suratga olinmoqda. Shu bilan birga, Markaz tomonidan “Pahlavon Mahmud ijodiy merosi” medialoyihasi amalga oshirildi va hujjatli film tayyorlandi.

 

2025-yil 17-oktyabr kuni davlat rahbari Pahlavon Mahmudga tegishli qo‘lyozmalarni jahon fondlaridan izlab topish va Vatanga qaytarish bo‘yicha topshiriq berdi. Mazkur topshiriq ijrosi yuzasidan Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligida ishchi guruh tuzildi. Izlanishlar natijasida Nyu-Yorkdagi Hofstra universiteti professori, WOSCU a’zosi Aleksandr Naymark kolleksiyasida noyob qo‘lyozma saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

 

 

Naymark oilaviy mulk sanalgan ushbu qo‘lyozmani beg‘araz asosda Markaz fondiga taqdim etish istagini bildirdi. O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida qo‘lyozma yurtimizga olib kelindi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur qo‘lyozma Xiva xoni Muhammad Rahimxon Feruz (1845–1910) tomonidan ko‘chirilgan. Uning dastlabki sahifasida “bu ruboiyot ham podshohi Islom Xorazmshohning yozg‘onlari” degan bitik mavjud.

 

Yangi topilma: “Kanzul-haqoyiq” Yaqinda ishchi guruh Mashhad shahridagi Ostoni Qudsi Razaviy kutubxonasida Pahlavon Mahmudga tegishli deb taxmin qilinayotgan “Kanzul-haqoyiq” manzumasini aniqladi. Asarning elektron nusxasi olingan va ayni paytda tarjima ishlari boshlangan. Bularning barchasi buyuk mutafakkir merosini tiklash va keng ommaga yetkazishga qaratilgan sa’y-harakatlar izchil va tizimli ravishda amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//