Endi yo‘l bezoriligini targ‘ib qiluvchi akkauntlar bloklanadi

Saqlash
12:31 / 04.03.2026 36 0

Toshkentda maktab o‘quvchisi YPX xodimini urib ketganidan keyin O‘zbekiston bo‘ylab keng ko‘lamli reydlar o‘tkazildi. 3-mart kuni poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i general-mayor Rustam Jo‘rayev raisligida o‘tgan yig‘ilishda shu masala muhokama qilindi.

 

Departament xabariga ko'ra, 26-fevral kuni boshlangan operativ-profilaktik reyd tadbirlarida 3-martga qadar quyidagi ishlar amalga oshirilgan:

 

– Ijtimoiy tarmoqlar o‘rganilib, yo‘l bezoriligi aks etgan jami 107 ta videolavha aniqlandi. Bu videolar asosida 66 nafar haydovchiga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirildi, 62 ta avtomobil jarima maydoniga joylashtirildi.

 

– Ko‘chalardagi reydlar davomida 5 919 ta qo‘pol qoidabuzarlik aniqlanib, barcha transport vositalari jarima maydoniga joylashtirildi. Asosiy qoidabuzarlik turlari quyidagilar: poyga – 4 ta, bo‘ysunmaslik – 70 ta, tonirovka – 116 ta, noqonuniy sirena va mayoqchalar – 61 ta, davlat raqamisiz boshqarish – 34 ta.

 

– Huquqbuzarlar orasida 54 nafar voyaga yetmagan shaxs aniqlandi.

 

– Ustaxonalarda o‘tkazilayotgan o‘rganishlar vaqtida tyuning xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning 68 nafar rahbari va ularning 79 nafar xodimi so‘rovdan o‘tkazilib, 100 nafar avtoservis rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

 

– YPX va PPX xodimlari bilan hamkorlikda giyohvandlik va psixotrop moddalarni noqonuniy saqlash bilan bog‘liq 23 ta holat va o‘tkir jismlarni olib yurish bilan bog‘liq 262 ta holat aniqlandi.

 

Ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda poyga va yo‘l bezoriligini targ‘ib qiluvchi akkauntlarni faoliyatiga chek qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

 

Reyd tadbirlari respublika bo‘ylab davom etmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//