Shavkat Mirziyoyev pedofiliya uchun umrbod qamoq jazosi haqidagi farmonni imzoladi

Saqlash
09:18 / 04.03.2026 32 0

3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev ayollar va bolalar huquqlarini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Davlat rahbari taqdimot yakunida tegishli farmonni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarni sodir etgan va muqaddam sudlangan shaxslar yana shunday og‘ir jinoyatni sodir etsa, ularga umrbod ozodlikdan mahrum qilish yoki uzoq muddatli qamoq jazosi tayinlanishi belgilanmoqda.

 

Xususan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda jinsiy ehtiyojni qondirish holatlari eng og‘ir toifaga kiritilmoqda.

 

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalari bo‘yicha voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoyat sodir etgan mahkumlar manzil-koloniyalarga o‘tkazilmaydi. Ular jazoni yengillashtirish yoki saqlash sharoitlarini yumshatish imkoniyatidan psixologik tuzatish dasturidan o‘tmasdan foydalana olmaydi.

 

Bundan tashqari, jinsiy jinoyatlar bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni faqat prokuratura organlari olib boradi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ham shahvoniy shilqimlik uchun jazo sanksiyalarini kuchaytirish nazarda tutilgan. Farmon bilan voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiyadan himoya qilish tizimi yanada qat’iylashtirilmoqda.

 

Homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab:

 

- kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;

- talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat berilsin va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.

- homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga akademik ta’til davrida, ularning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta’lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyatini yaratiladi;

- masofaviy ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga ta’limni davom ettirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratiladi.

 

Voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

 

2026-yil 1-sentabrdan boshlab nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltirish tartibi joriy etiladi.

Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.

 

2027-yil 1-yanvardan boshlab ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar, qoida tariqasida, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan tergovchilar va sudyalar tomonidan tergov qilinishi va ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//