13–14-mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi

Saqlash
12:40 / 03.03.2026 35 0

28-fevraldagi hukumat Farmoyishi bilan O‘zbekistonda Ramazon oyining 13–14-mart kunlari “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.

 

Umumxalq xayriya hashari davomida mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli turar joylar, hovlilar atrofi, guzarlar, ziyoratgohlar, qabristonlar, ko‘cha va yo‘laklar hamda bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi, daraxtlarni oqlash va butash ishlari tashkil etiladi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallalar va aholi xonadonlari atrofiga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi.

 

Umumxalq hashardan ko‘zlangan maqsad mahallalar, aholi turarjoylari, xiyobonlar, istirohat bog‘lari, ziyoratgohlar, qabristonlar va boshqa joylarni obodonlashtirishdan iborat.

 

Hasharda 2026-yilda Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan Toshkent, Samarqand, Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari o‘rnatilgan maydonlar atrofida, uning nomi berilgan ko‘plab ko‘chalarda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashiladi.


Obodonlashtirish tadbiri ishtirokchilariga zarur texnik vosita va anjomlar beriladi. Joylarda obodonlashtirish ishlarini o‘tkazish jarayonida to‘plangan chiqindilar mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan alohida belgilangan joylarga olib chiqilishi ta’minlanadi.
 

Umumxalq xayriya hashari davomida avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv obyektlari, qirg‘oqlar, hududlar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy hasharlarga tadbirlar va boshqa ishlarni amalga oshirish taqiqlangani qat’iy nazoratga olinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//