Andijonda 41 yoshli ayol qizi bilan qariyb yarim kilo oltin quymalarini yashirincha olib oʻtmoqchi boʻldi

Saqlash
10:24 / 03.03.2026 34 0

Andijon viloyatining Baliqchi tumanida yashovchi 41 yoshli ayol va uning 20 yoshli qizi umumiy bahosi 819 mln soʻmni tashkil etuvchi, 7 dona nostandart shakldagi, jami 473 gr oltin quymalarni kiyimlari ostiga yashirgan holda Xoʻjaobod tumanidagi “Doʻstlik” chegara bojxona posti orqali Qirgʻiz Respublikasiga olib oʻtishga urindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

 

Ushbu holat Tovar-moddiy boyliklarning mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqilishiga qarshi kurashish yoʻnalishida Xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlanib, ona-bola toʻxtatib qolingan.

 

Ushbu holat bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish deb baholanib, hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi, 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Xavfsizlik xizmati oʻz axborot matnida bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan fuqarolarni Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilib, xabar berishga chaqiradi. Bu fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//