O‘zbekistonliklarga vaqtincha xorijga chiqmaslik tavsiya etildi

Saqlash
10:26 / 02.03.2026 45 0

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli xorijiy safarlarni vaqtincha kechiktirib turishni tavsiya qildi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvi hamda ayrim davlatlar tomonidan havo hududidan foydalanish bo‘yicha joriy etilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli xalqaro aviaqatnovlar harakatida jiddiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.

 

Mazkur holat natijasida ko‘plab davlatlar vakillari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ham parvozlarning bekor qilinishi yoki kechiktirilishi, tranzit yo‘nalishlarining yopilishi hamda boshqa tashkiliy muammolar tufayli qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

 

Shu munosabat bilan, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Yaqin Sharq yo‘nalishida rejalashtirilgan ziyorat, tijorat, dam olish hamda boshqa turdagi xorijiy tashriflarni vaziyat barqarorlashguniga qadar vaqtincha kechiktirib turish tavsiya etildi.

 

“Ayni paytda chet elda bo‘lib turgan vatandoshlarimizdan vaziyatga nisbatan bosiqlik va hushyorlikni saqlash, odamlar gavjum joylarga borishdan tiyilish, mahalliy qonun-qoidalarga qat’iy rioya qilish hamda O‘zbekiston Respublikasining xorijiy diplomatik vakolatxonalari va konsullik masalalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turish so‘raladi.

 

Barcha fuqarolar safarlarni rejalashtirishda ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari va rasmiy manbalar orqali e’lon qilinayotgan axborotlarga amal qilishlari zarur”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//