Siyosat
Oʻzbekistonda maktabgacha tashkilotlar va maktablar uchun oʻquv dasturlarini toʻliq qayta koʻrib chiqish boshlandi. Ularni yuqori samarali jahon taʼlim tizimlarining dasturlari va baholash tizimlariga muvofiqlashtirish, shuningdek bolalarga kelajak uchun zarur bilim va koʻnikmalarni berish maqsad qilingan. Bu haqda Gazeta nashri xabar berdi.
Islohot SmartEd yirik taʼlim loyihasining bir qismi hisoblanadi. U Islom taraqqiyot banki (IsDB), Arab muvofiqlashtirish guruhi, Taʼlim sohasidagi global hamkorlik (GPE) tomonidan moliyalashtiriladi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (MMTV), BMT Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) hamda Kembrij universiteti nashriyoti va imtihon markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Islohot “yangi avlod uchun sifatli, ishonchli, inklyuziv va zamonaviy taʼlim tizimini yaratish”ga qaratilgan. “Oʻquv dasturlarini takomillashtirishda kompetensiyaga asoslangan taʼlim tamoyillari, gender tengligi, inklyuzivlik, ijtimoiy-emotsional rivojlanish, shuningdek, iqlim oʻzgarishi va ekologik masʼuliyat hamda texnologik va raqamli savodxonlikni rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor berilmoqda”, – dedi Respublika taʼlim markazi direktori vazifasini bajaruvchi Dilshoda Norboyeva.
“Oʻzbekistondagi taʼlim tizimi kelajagi – adolatli, ishonchli va xalqaro miqyosda tan olingan imtihonlar bilan baholanadigan jahon andozalaridagi oʻquv dasturi hamda yaxshi tayyorgarlikka ega, yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan olib boriladigan taʼlim – toʻliq amalga oshirish va erishish mumkin boʻlgan maqsaddir”, dedi Kembrij universitetining Partnership for Education tashkiloti Yevropa, Markaziy Osiyo va Amerikada taʼlim islohotlari boʻlimi rahbari Stiv King.
Oʻquv dasturlari islohoti, Vazirlar mahkamasining taʼlim standartlarini ishlab chiqish jarayoni va sifatini taʼminlash mezonlarini belgilovchi 157-sonli qaroriga muvofiq, maktabgacha taʼlim bosqichidan boshlab taʼlimning barcha bosqichlarini qamrab oladi. U taʼlim sohasidagi manfaatdor tomonlar va oʻqituvchilar bilan keng koʻlamli hamkorlik va maslahatlashuvlarga asoslanadi.
YUNICEF qayd etishicha, eng ilgʻor xalqaro bilim va tajribalarga tayangan holda, oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish jarayonida ilk bor har bir fan guruhi oʻz sohasidagi yuqori malakali xalqaro ekspertlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Ular yil davomida guruh bilan muntazam ishlab, fanning oʻquv dasturini toʻliq qayta koʻrib chiqishni yakunlaydi. Garchi xalqaro ekspertlar oʻquv dasturlarini ishlab chiqishda avval ham ishtirok etgan boʻlsalar-da, bu hech qachon barcha fanlar va sinflarni toʻliq qamrab olmagan hamda bu qadar chuqur hamkorlikda yaratish jarayoni boʻlmagan, deyiladi xabarda. Bundan tashqari, oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqish jarayoni ilk bor puxta tahlil, aniq “yoʻl xaritasi” hamda yuqori samarali taʼlim tizimlariga nisbatan kutilayotgan natijalar haqidagi umumiy tushuncha bilan mustahkamlanmoqda.
Loyiha doirasida barcha fanlar boʻyicha xalqaro ekspertlar, yetakchi mahalliy pedagoglar, tadqiqotchilar, trenerlar va amaliyotchi oʻqituvchilarni birlashtiruvchi onlayn va oflayn seminarlar boshlandi.
Shu hafta Kembrijning oʻquv dasturlari boʻyicha ekspertlari fan yoʻnalishlari rahbarlari uchun ikki kunlik seminar oʻtkazadi. Seminar turli fanlar boʻyicha oʻquv dasturlarining oʻzaro uygʻunligini taʼminlashga bagʻishlanadi.
Ushbu loyiha ishlab chiqilib, joriy etilgach, har yili 8,8 million nafar maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchilari va maktab oʻquvchilarini, jumladan, nogironligi, etnik mansubligi va ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi sababli alohida ehtiyojga ega boʻlgan bolalarni qamrab olib, ulkan oʻzgarishlarga sabab boʻladi, deyiladi xabarda.
Madaniyat
Siyosat
Siyosat
Madaniyat
Siyosat
Jamiyat
111474
Jamiyat
94613
Jamiyat
90582
Jamiyat
74966
Jamiyat
//
Izoh yo‘q