Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Termiz tumanidagi “Tomorqa maktabi” faoliyati bilan tanishdi.
Davlat rahbariga dastlab suv xoʻjaligida mahalliylashtirilgan texnika va uskunalar taqdimoti namoyish qilindi.
Suv tejash texnologiyalari va zamonaviy irrigatsiya tizimlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish orqali xarajatlarni kamaytirish, iqlim oʻzgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, fermer va aholining talabini tezkor taʼminlash mumkinligi taʼkidlandi.
Prezident bu yoʻnalishga yanada koʻproq eʼtibor qaratish, bunda ilmiy hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.
“Tomorqa maktabi” aholini oʻz tomorqalaridan samarali foydalanish, serdaromad ekin turlarini joriy etish, mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlashning zamonaviy usullarini oʻrgatishga ixtisoslashgan. Muassasa banklarning moliyaviy koʻmagida faoliyat yuritmoqda.
Eng muhimi, bu yerda ishsiz va kam taʼminlangan oilalarning barqaror daromad manbayiga ega boʻlishiga koʻmaklashiladi. Mazkur jarayonda dehqonchilikning ilmiy asoslari, yuqori daromadli mahsulot yetishtirish texnologiyalari va zamonaviy tomorqachilik usullari amaliy ravishda oʻrgatiladi.
Innovatsion maktab Termiz, Muzrabot, Qiziriq, Bandixon, Angor va Jarqoʻrgʻon tumanlarini qamrab olgan boʻlib, uning tarkibida oʻquv binosi, uch gektar issiqxona hamda uch gektar oʻquv-tajriba maydoni mavjud.
Issiqxonada Surxondaryo sharoitiga moslashtirilgan banan, papayya, rozmarin, lavanda, limon, anjir, brokkoli, bulgʻor qalampiri va boshqa ekinlar yetishtirilmoqda. Shuningdek, koʻchatchilik va gulchilik yoʻlga qoʻyilgan, tomchilatib sugʻorish tizimi joriy etilgan.
Maktabda Surxondaryo sharoitida bir yilda uch marta hosil olish amaliyoti oʻqitilmoqda. Oʻquv jarayoniga olimlar, mutaxassislar va tajribali dehqonlar jalb etilgan.
Shu paytga qadar 1300 nafarga yaqin ishsiz va kambagʻal oila aʼzosi maxsus kurslarni tugatib, oʻz tomorqasi yoki ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali oʻzini oʻzi band qilgan. Hokim yordamchilari har oyda 220 nafardan, yiliga 2700 nafargacha tomorqa va ijara yer egalarini oʻqishga yoʻnaltirmoqda. Tinglovchilar uchun yoʻllanma yoki vaucher tizimi orqali oʻqish xarajatlari qoplab beriladi.
Kursda qatnashuvchilarga yuqori daromadli ekinlar ekish va bir sotix yerdan oʻrtacha 10-15 million soʻm daromad olish metodikasi amaliyotda koʻrsatiladi. “Agrostar” kompaniyalari esa tinglovchilarni urugʻ va koʻchatlar bilan taʼminlab, yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilishni tashkil etadi.
Davlat rahbari maktabda tomorqadan uch marta hosil olish amaliyoti, sanoatlashgan bogʻlar va suv tejovchi texnologiyalar taqdimoti bilan tanishdi. Meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat yaratish, hudud uchun yangi boʻlgan oʻsimliklar, shu jumladan sitrus va tropik mevalar yetishtirishni oʻzlashtirish muhimligini taʼkidladi.
Madaniyat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Ilm-fan
111474
Jamiyat
94613
Jamiyat
90582
Jamiyat
74965
Jamiyat
//
Izoh yo‘q