Siyosat
Poytaxtning toʻqqizta hududida umumiy maydoni 134 gektar boʻlgan yangi jamoat parklari barpo etiladi. 25 fevral kuni oʻtkazilgan taqdimotda Prezident Shavkat Mirziyoyev shu va boshqa takliflarni maʼqulladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida urbanizatsiya jarayonlarini rivojlantirish va yashil hududlarni kengaytirish boʻyicha takliflar taqdimot bilan tanishdi.
Soʻnggi yillarda poytaxt iqtisodiyoti va aglomeratsiyasi jadal oʻsib, Toshkent shahrining doimiy aholisi 3,1 million nafardan oshgan. Shu bilan birga, 2045-yilga borib, shahar aholisi ikki barobardan ziyodga ortishi prognoz qilinmoqda. Bu esa urbanizatsiya jarayonlarini uy-joy, transport-logistika, muhandislik tarmoqlari hamda ijtimoiy infratuzilmaga tushayotgan yuklamaga mutanosib holda rivojlantirishni talab etadi.
Shuningdek, shahar muhitini sogʻlomlashtirish va turmush sifatini yaxshilash maqsadida yashil hududlarni kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Xususan, Toshkent shahri va uning atrofida yashil zonalar maydonini uch baravarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish, aholi jon boshiga yashil maydonlar hajmini 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrgacha koʻpaytirish maqsad qilingan.
Oʻrganish davomida har bir loyihani shaharsozlikning yagona yondashuvi asosida baholash, hududning kamida 30 foizida yashil maydonlar tashkil etish imkoniyati, renovatsiya orqali eskirgan hududlarni kompleks yangilash hamda yer maydoni 1 gektargacha boʻlgan kichik va zich qurilishlar amaliyotidan voz kechish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Koʻrib chiqish yakunlaridan kelib chiqib, 18 ta loyihani amalga oshirishga ruxsat berish, 12 ta loyihaning yer maydoni, qavatlar soni va loyiha konsepsiyasiga oʻzgartirish kiritgan holda maqbullashtirish taklif etilgan, 54 ta loyihani esa konseptual jihatdan toʻliq qayta koʻrib chiqish zarur deb topilgan.
Maʼqullangan loyihalarni amalga oshirish natijasida har yili qurilish hisobidan qoʻshimcha 1,5 milliard dollar yalpi hududiy mahsulot, byudjetga 3,5 trillion soʻm tushumlar shakllanishi va 260 ming ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Taqdimotda yashil hududlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyihalarning kamida 30 foizida, yaʼni 400 gektarda yashil maydonlar tashkil etish shartligi koʻrsatib oʻtildi. Bundan tashqari, Toshkent shahrining 9 ta hududida umumiy maydoni 134 gektar boʻlgan alohida yangi jamoat parklari barpo etish rejalari koʻrib chiqildi va maʼqullandi.
Loyihalardan undiriladigan infratuzilma toʻlovlaridan tushgan mablagʻlar, birinchi navbatda, yangi yashil hududlar barpo etishga, ortgan qismi esa shahar infratuzilmasi obyektlarini qurishga sarflanishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Prezident poytaxtdagi urbanizatsiya jarayonlarini jamoatchilik manfaatlari, sogʻlom muhit va ekologiya talablari bilan bogʻlagan holda rivojlantirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
Siyosat
Siyosat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
111472
Jamiyat
94613
Jamiyat
90582
Jamiyat
74965
Jamiyat
//
Izoh yo‘q