“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Saqlash
11:25 / 22.02.2026 38 0

Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida faol fuqarolik pozitsiyasi, innovatsion tashabbuslari va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi bilan ajralib turgan yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida yangi mukofot — “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

 

Hukumatning tegishli qarori bilan mazkur nishon bilan taqdirlanish tartibi, nomzodlarni saralash mezonlari, shuningdek, mukofotni topshirish mexanizmi belgilab berilgan.

 

Ko‘krak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

 

Hujjatga ko‘ra, nomzodlar ro‘yxati “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari, maktablar va Prezident maktablari hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti bitiruvchilari, “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusi ishtirokchilari, shu bilan birga, dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlarida bilim hamda tajriba orttirgan iqtidorli vatandoshlarni birlashtiruvchi Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyati doirasida shakllantiriladi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi esa ushbu ro‘yxatni shakllantirish, taqdim etish va ko‘rib chiqish masalalarini tashkil etish bo‘yicha ishchi organ hisoblanadi.

 

Bunda taqdirlashga oid taqdimnomalar har yili 1-martga qadar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga kiritadi.

 

Ishchi guruh hujjatlarni umumlashtirib, har yil 25-martga qadar eng munosib nomzodlar bo‘yicha xulosa tayyorlaydi.

 

Bu xulosa asosida hujjatlar Respublika komissiyasiga yuboriladi.

 

Respublika komissiyasi yig‘ilishida nomzodlar faoliyati o‘rganilib, har yili 20-mayga qadar taqdirlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

 

Chet el fuqarolari Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda taqdirlanadi.

 

Ko‘krak nishoni har yili Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamiyati qurultoyida topshiriladi. Uni olgan nomzodlar bir martalik mukofot bilan taqdirlanadi.

 

Ma’lumot uchun, nishon davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//