Islomobodda 2,5 gektarlik “Bobur bog‘i” qurilishi rejalashtirilmoqda

Saqlash
15:11 / 20.02.2026 24 0

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida Bobur bog‘i loyihasiga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

 

Uchrashuvda O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Xidoyatov, Islomobod shahar hokimligi (CDA) vakillari hamda loyiha ustida ishlayotgan mutaxassislar ishtirok etdi. Tomonlar bog‘ning arxitekturaviy yechimlari, infratuzilmasi va amalga oshirish bosqichlari yuzasidan fikr almashdi.

 

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Bobur bog‘i Islomobod shahrining F-7 sektorida joylashgan 2,5 gektar maydonda barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida bolalar va kattalar uchun ko‘ngilochar hududlar, sport maydonchalari, sayr yo‘laklari, favvoralar, yashil hududlar va O‘zbekiston milliy taomlari taklif etiladigan choyxona tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bog‘ markazida Zahiriddin Muhammad Bobur byusti o‘rnatiladi.

 

Muhokamalar chog‘ida bog‘ konsepsiyasini takomillashtirish, milliy an’analar va zamonaviy arxitektura uyg‘unligini ta’minlash, loyihani amalga oshirishda sifat masalalariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan takliflar bildirildi. Shuningdek, Bobur bog‘i uchun ajratilgan maydon ko‘zdan kechirilib, loyiha yuzasidan dala tadqiqotlari o‘tkazildi.

 

Mazkur bog‘ O‘zbekiston xalqidan Pokiston xalqiga do‘stlik ramzi sifatida taqdim etilishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//