Jamiyat
Short-trek boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʻzosi Daniil Yeybog Italiyada boʻlib oʻtayotgan qishki Olimpiya oʻyinlarida ishtirokini yakunladi. Bu haqda Milliy olimpiya qoʻmitasi xabar berdi.
19-fevralga oʻtar kechasi 28 yoshli konkichi 500 metr masofaga kechgan bahsda ishtirok etdi. Uchinchi poygada uning raqiblari Uilyam Danjinu va Maksim Laun (Kanada), Petro Sigel (Italiya), Lin Syaotszyun (Xitoy) boʻldi.
Yeybog startdan soʻng uchinchi oʻrinda ketayotgan edi, ammo kanadalik sportchilardan biri bilan toʻqnashuvdan keyin avvalgi surʻatni saqlab qola olmadi. U 1:07.497 natija bilan beshinchi boʻlib marraga yetib keldi. Keyingi bosqichga Kanadadan ikki nafar va Italiyadan bir nafar sportchi chiqdi.
Short-trek boʻyicha 500 metrlik masofada Olimpiya oltin medalini kanadalik Stiven Dyubua qoʻlga kiritdi.
“Daniil Yeybog asosiy finalga yoʻl ololmagan boʻlsa ham, kuchlilar qatorida ekanini koʻrsata oldi”, – deyiladi Oʻzbekiston MOQ bayonotida.
Avvalroq sportchi poygalardan birida “faoliyatidagi eng dahshatli yiqilishlardan biri”ni boshdan kechirgan, ammo yengil jarohatlarga qaramay, musobaqani davom ettirgan edi.
1500 metrlik masofada u 14-oʻrinni egallagan. Oʻzbekistonning yana bir vakili, togʻ changʻichisi Medet Nazarov gigant slalomda 50-oʻrinni olgan, slalom bahslarida esa ikkinchi poygani yakunlay olmagan.
Daniil Yeybog ilgari Rossiya sharafini himoya qilgan, ammo 2024-yilda sport fuqaroligini oʻzgartirib, xalqaro startlarda ikki yillik karantin bilan Oʻzbekiston terma jamoasiga oʻtgan. Yevropa chempionatlarining ikki karra sovrindori hisoblanadi.
Shu tariqa, Oʻzbekiston qishki Olimpiya oʻyinlarini medalsiz yakunladi. Mamlakatning yagona Olimpiya medali 1994-yilga toʻgʻri keladi — oʻshanda Lina Cheryazova changʻi akrobatikasida oltin medal qoʻlga kiritgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
111327
Jamiyat
94575
Jamiyat
90538
Jamiyat
74822
Jamiyat
//
Izoh yo‘q