AQSHning Gulf neft kompaniyasi Oʻzbekistonda bozoriga kiradi

Saqlash
15:39 / 19.02.2026 21 0

AQSHning Gulf kompaniyasi Oʻzbekistonda yonilgʻi quyish shoxobchalari tarmogʻini ochish va aviatsiya sohasiga sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya vitse-prezidenti Kreyg Kramer 18-fevral kuni Vashingtonda prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi va Amerika biznesi hamda moliya institutlari vakillari uchrashuvida maʼlum qildi.

 

“Oʻzbekiston 24” telekanali uchrashuv jarayonidan tayyorlagan reportajda Gulf mamlakatda zapravkalar ochishga 150 million dollar sarmoya kiritishni reja qilgani aytilgan.

 

Kompaniya vakili Gulf respublikada avtomagistral yoʻllarda sayohatchilar va transport tashuvchilar uchun transport markazlarini barpo etishni rejalashtirayotganini ham aytgan. Bu loyihalardagi har bir obyektda kamida 30 ta, umumiy hisobda esa uch mingdan ortiq yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgani bildirilgan.

 

​Kreyg Kramer chiqishi davomida Oʻzbekiston aviatsiya yoʻnalishiga 50 million dollar investitsiya kiritilishini ham taʼkidlagan. Mablagʻlar tarmoqni yonilgʻi bilan taʼminlashga sarflanishi aytilgan.

 

“Gulf Markaziy Osiyo boʻyicha operatsion bazasini Toshkent shahrida joylashtiradi. Bu mamlakatning mintaqada logistika va chakana savdo infratuzilmasi markaziga aylanishiga olib kelishi mumkin”, degan Kreyg Kramer.

 

Gulf – Amerikada joylashgan neft va yonilgʻi kompaniyasi. 1913-yilda AQSHning Pittsburg shahrida Gulf Oil brendi ostidagi ilk yonilgʻi quyish shoxobchasi ochilgan. Bugungi kunda esa Gulf brendiga tegishli yonilgʻi shoxobchalari 15 dan ortiq mamlakatda, jumladan, Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy Amerika, Osiyo va Kanadada 1200 tadan ortiq tarmoqni tashkil etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//