Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi munosabati bilan o‘zbekistonliklarga tabrik yo‘lladi

Saqlash
19:35 / 18.02.2026 33 0

Shavkat Mirziyoyev Ramazon oyi kirib kelishi munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga tabrik yo‘lladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

 

Tabrik avvalida Prezident bu oyga tayyorgarlik ishlariga to‘xtaldi: “El-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida alohida o‘rin tutadigan, insonni ezgu va savob ishlarga da’vat etadigan ushbu oyni munosib tarzda o‘tkazish maqsadida bu yil ham mamlakatimizda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalla va uy-joylar, masjid va madrasalarni obod qilish, keksa, nogiron va yordamga muhtoj shaxslarning holidan xabar olish, qo‘shnilar, yaqin qarindoshlarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, ibodat va iftor marosimlarini tartibli o‘tkazishga xonadon va mahalla ahllari, jamoatchilik vakillari tarafidan alohida ahamiyat berilmoqda”, dedi Prezident.

 

“Bularning barchasi bebaho boyligimiz bo‘lgan tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini, insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilishi tabiiy, albatta”, — dedi u.

 

Prezidentning ta’kidlashicha, keyingi yillarda inson qadrini, har bir fuqaroning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ijtimoiy adolat O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi va xalq hayoti tubdan o‘zgardi.

 

2026-yil “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilinganiga urg‘u berildi. Jamiyatni yuksaltirish asosi mahalladir. Chunki mahallada o‘sish va o‘zgarish bo‘lsa, butun jamiyat rivojlanadi. Mahallalarimizning yutug‘i va farovonligi pirovard natijada butun jamiyatning yutug‘i va farovonligi sifatida namoyon bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shuningdek, mamlakatda islom dini va madaniyati ravnaqiga hissa qo‘shgan allomalarning qadamjolarini obod qilish, ilmiy merosini tiklash va o‘rganish, xalq, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ib etish bo‘yicha ko‘pgina ishlar olib borilgani bildirildi.

 

Uning faxr bilan aytishicha, noyob me’moriy loyihalar asosida Toshkent shahrida — Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda esa muhaddis Imom Buxoriy majmuasini bunyod etish ishlari yakuniga yetkazildi.

 

Ramazon oyi rejalari qatorida ana shu maskanlarda aziz-avliyo va allomalar xotirasiga ehson dasturxonlari yozib, muqaddas ziyoratgohlar eshiklarini xalq uchun keng ochish borligi ta’kidlandi.

Afsuski, hozirgi vaqtda jahonning turli mintaqalarida urush va janjallar davom etmoqda. Pok niyatlar qabul bo‘ladigan ushbu muborak ayyomda nizo va adovatlar barham topib, tinchlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik aloqalari qaror topishini chin dildan istab qolamiz, dedi prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//