Ovqatlanish korxonalari Ramazon oyidagi “aksiya set”lar boʻyicha ogohlantirildi

Saqlash
17:38 / 17.02.2026 44 0

Raqobat qoʻmitasi soʻngi kunlarda, ayrim umumiy ovqatlanish korxonalari (kafe, restoran, oshxona v.b) tomonidan Ramazon oyida “aksiya setlar” (kompleks ovqatlar toʻplami) joriy qilinib ularni majburiy qilish holatlari, shuningdek minimum narxlar belgilab undan boshqa tanlov yoʻqligi hamda bu orqali isteʼmolchilarning erkin tanlov huquqlarini cheklanayotganligi alomatlari kuzatilayotganini aytib, quyidagilarni eslatib oʻtdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 4-moddasiga muvofiq, isteʼmolchi tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli boʻlishini talab qilish huquqlariga ega, 21-moddasiga asosan esa sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga (majburlashga) haqli emas.

 

Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalari oʻz xizmatlarini koʻrsatayotganda:

 

— isteʼmolchiga koʻshimcha xizmat va mahsulotlarni olishga qistamaslik (isteʼmolchi “set” koʻrinishidagi toʻplamni rad etsa unga taomnomadagi boshqa taomga buyurtma berish huquqini cheklamaslik);

— isteʼmolchilar sogʻligʻi uchun aks taʼsir qiluvchi ( allergiya qoʻzgʻatuvchi fermentlar mavjudligi inobatga olinmasdan) taomlarni ovqatlar toʻplami tarkibida xarid qilishiga majburlash holatiga yoʻl qoʻymasliklari lozim.


Konstitutsiyaning 65-moddasida Davlat isteʼmolchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi qayd etilgan.

 

Qoʻmita yuqoridagilardan kelib chiqib, umumiy ovqatlanish korxonalari (kafe, restoran, oshxona v.b) tomonidan bu kabi qonunbuzish holatlariga yoʻl qoʻyib, isteʼmolchilarning huquqlari buzilgan taqdirda belgilangan tartibda taʼsir choralari koʻrilishini eslatib oʻtgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//