Ramazon oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi

Saqlash
21:53 / 16.02.2026 37 0

Shavkat Mirziyoyev bugun, 16-fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

 

 

Xabarga ko‘ra, davlat rahbari muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidlagan.

 

Yig‘ilishda shu maqsadda ishlab chiqilgan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berilgan. Ularni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.

 

Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan esa ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.

 

Ma’lumot uchun, Prezident joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bugun turli radikal va ekstremistik g‘oyalar axborot texnologiyalari orqali yoshlarimiz ongini zaharlashga urinayotgani, faqat jazo va taqiq bilan bu muammoni hal qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan edi.

 

Bugungi yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev jamiyat onalari va kelajak avlod tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarni buzg‘unchi g‘oyalar asrash, ularni ham ma’nan, ham moddiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida urg‘u bergan.

 

Bu jarayonda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan shaxslarni ijtimoiylashtirish, moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning oilalari bilan individual tarzda ishlab, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish hamda kasb-hunarga o‘rgatish orqali bandligini ta’minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

 

Prezident har bir mahallada ehtiyojmand oilalarning aniq va shaffof ro‘yxatini shakllantirish, yordamlarni fuqarolarning dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng va adolatli tarzda yetkazish shartligini alohida ta’kidlagan.

 

Mas’ul idoralarga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//