Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev kosmosga sun’iy yo‘ldosh uchirish hamda birinchi o‘zbek fazogirini tayyorlash bo‘yicha dastlabki ishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda soʻnggi besh yilda masofadan zondlash maʼlumotlariga talab 3 karra oshgani, hozirda kosmik monitoring bilan 10 dan ziyod davlat idoralari va barcha hokimliklar ishlayotgani koʻrsatib oʻtildi.
“Eng muhimi, kosmik maʼlumotlar orqali biz “koʻz bilan koʻrib boʻlmaydigan” iqtisodiy imkoniyatlarni aniqlab, ularni real daromad manbaiga aylantiryapmiz. Bu davlat resurslarini boshqarish mexanizmi va madaniyati oʻzgarayotganidan dalolat”, – dedi Prezident.
Xabarga ko‘ra, kosmik sohada uzoq muddatli va barqaror milliy tizim – sunʼiy yoʻldoshlarni boshqarish, maʼlumotlarni qayta ishlash va ulardan amaliyotda foydalanish infratuzilmasini shakllantirish muhim ekani ta’kidlandi. Bundan maqsad mamlakatimiz suveren va obyektiv maʼlumotlar manbaiga ega boʻlishidir.
Hozirgacha xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilib, boʻlajak sunʼiy yoʻldoshning aniqligi va foydali yuklamasiga doir texnik talablar aniqlandi.
.jpg)
Taqdimotda ilmiy-texnologik salohiyatni oshirish doirasida birinchi milliy ilmiy sunʼiy yoʻldoshni yaratish loyihasi ham koʻrib chiqildi. Loyiha doirasida mutaxassislarni tayyorlash va muhandislik jamoasini shakllantirish, 2028-yilda “Mirzo Ulugʻbek” nomli 6U formatdagi ilmiy sunʼiy yoʻldoshni uchirish taklif qilindi.
Ma’lumot uchun, Prezident tashabbusi bilan birinchi milliy kosmonavtni tayyorlash va uni fazoga uchirish strategik vazifa sifatida belgilangan.
“Bu shunchaki ramziy qadam emas, balki mamlakatimiz ilmiy salohiyati, yoshlarimiz orzusi va milliy gʻururimiz ifodasi boʻladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Milliy fazogirni qisqa muddatga – 10–14 kunlik parvozga tayyorlash taklif qilindi, bunday parvozlarni tashkil etish boʻyicha xalqaro hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.
Kosmonavtni fazoga uchirish aniq ilmiy dasturni amalga oshirish bilan uzviy bogʻlangan boʻlishi zarurligi aytildi. Zero, bu yutuq mamlakatimizning xalqaro nufuzini oshirishi bilan birga ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yangi loyiha va texnologik tashabbuslarning paydo boʻlishi, yoshlarning fan va texnologiyalarga qiziqishi ortishiga xizmat qilishi kerak.
Oʻzbekiston kosmonavti fazoda boʻlishi olib borilishi mumkin boʻlgan tadqiqotlar yoʻnalishi sifatida tibbiyot va biologiya (masofaviy tashxis qoʻyish, mahalliy dorivor ekstraktlar samaradorligini oʻrganish), oʻsimliklar genetikasi (qurgʻoqchilik va shoʻrlanishga chidamli navlarni sinash, yopiq agrobiotizimlar modeli), materialshunoslik (issiqlikni toʻplash va boshqarish uchun materiallar, mato va tolalarni sinovdan oʻtkazish) taklif qilindi.
2028-yilda Samarqand shahrida kosmos boʻyicha xalqaro kongress oʻtkazish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Unda AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlari ishtirok etishga qiziqish bildirgan.
Masʼullarga ushbu xalqaro tadbirga yuksak saviyada tayyorgarlik koʻrish topshirildi.
Taqdimot yakunida Prezident sunʼiy yoʻldoshlar loyihalari va milliy fazogirni tayyorlash boʻyicha hisob-kitob hamda amaliy takliflarni puxta ishlab chiqish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
111259
Jamiyat
94561
Jamiyat
90512
Jamiyat
74750
Jamiyat
//
Izoh yo‘q