Jamiyat
Prezidentga eng ustuvor islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi loyihalari yuzasidan axborot berildi.
Ma’lumot uchun, mazkur loyihalar ilg‘or xorijiy tajriba asosida mutlaqo yangi yondashuv asosida ishlab chiqilgan bo'lib, ularda davlat rahbari tomonidan belgilab berilgan joriy yildagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maqsadli ko‘rsatkichlari hamda ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilangan.

Taqdimotda islohotlar dasturlari va Davlat dasturining bir-biridan farqli jihatlariga alohida to‘xtalindi.
Masalan, islohotlar dasturlari Prezidentning xalqimiz va Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar va 2026-yil uchun eng ustuvor islohotlarni qamrab olgan.
Bu dasturlarda “hujjat ishlab chiqish”dan “natijaga erishish” tamoyiliga o‘tilmoqda. Har bir tashabbusni amalga oshirish mexanizmlari va yil yakuniga mo‘ljallangan ijro natijalari bo‘yicha KPI belgilangan.
Dasturlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega va ayrim tashabbuslar bo‘yicha alohida hujjat qabul qilishni talab etmaydi. Har bir islohotlar dasturining ijrosi uchun shaxsan javobgar bo‘lgan mas’ul rahbar va muvofiqlashtiruvchi davlat tashkiloti ko'rsatib o'tilmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida esa strategiyaning 2026-yil uchun belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlari ijrosi tashkil etiladi. Dastur bilan 337 ta banddan iborat amaliy chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanmoqda. 2026-yilda sohalar kesimida eng muhim 59 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi va eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
.jpg)
Ta'kidlanishicha, loyihalarni ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini hisobga olishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, Davlat dasturi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilib, 23-yanvar – 1-fevral kunlari ommaviy axborot vositalari va internet tarmoqlarida keng targ‘ib qilindi. Internetda loyiha bilan 5 milliondan ziyod foydalanuvchi tanishib, 22 mingdan ziyod fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.
Oliygohlar va davlat idoralarida 50 dan ortiq muhokama tadbirlari o‘tkazilib, 10 mingga yaqin talaba, professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etdi. Xorijdagi vatandoshlar bilan ham alohida muloqotlar tashkil etilib, qator qo‘shimcha tashabbuslar aytildi.
Tahlillar natijasida konstruktiv deb topilgan 1000 ga yaqin taklif saralab olinib, Davlat dasturi loyihasiga kiritildi.
Jumladan, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini joriy etish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish, korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar qo‘llab quvvatlandi.
Shuningdek, mahalla mablag‘lari sarfi bo‘yicha ochiq hisobdorlikni kuchaytirish, mahallalarda ichki yo‘llar, piyodalar va veloyo‘laklarni tashkil etish, biznes-inkubatorlar yaratish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlari ochish, daraxt kesish uchun javobgarlikni qat’iylashtirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar qiziqarli deb topildi.
Bundan tashqari, AQSh, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Koreya, Yaponiya, Shvesiya, Portugaliya va Qozog‘istonda vatandoshlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilib, 60 ga yaqin qo‘shimcha takliflar olindi.
Xabarga ko‘ra, xorijdagi vatandoshlar nodavlat maktablar faoliyatini rivojlantirish uchun aniq, barqaror va shaffof lisenziyalash hamda nazorat mexanizmlarini joriy etish, amaliyot jarayonida o‘quvchilarni yo‘naltiruvchi korxona mutaxassislari uchun rag‘batlantirish va mas’uliyat tizimini tatbiq qilish, bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha xavf guruhlarini aniq belgilaydigan yagona raqamli skrining tizimini joriy etish, imtiyozli kreditlarni ajratishda “natijaga bog‘langan imtiyoz” (performance-based subsidy) modelini, eksport qiluvchi korxonalar uchun esa “Export-as-a-service” modelini joriy qilish, ya’ni logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va to‘lov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish, advokatlar uchun elektron navbat olish jarayoni bo‘yicha qo‘llanma va videoyo‘riqnomalar tayyorlash kabi takliflarni bildirgan.
Ma'lumot uchun, dasturlar ijrosini moliyalashtirishga jami 250,5 trillion so‘m ajratilishi va 50,4 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.
Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi va Hisob palatasi doimiy monitoring olib boradi, Vazirlar Mahkamasi har chorakda ijroni muhokama qiladi, har yarim yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hisobot hamda har oy Prezidentga axborot kiritib boriladi.
Har bir islohotlar dasturi uchun biriktirilgan mas’ullar har chorakda ijro holati yuzasidan Prezidentga axborot berib boradi. Bosh vazir islohotlar dasturlaridagi tashabbuslarning amalga oshirilishi va moliyalashtirilishini muvofiqlashtirib, ijroni qat’iy nazoratga olish uchun mas’ul bo‘ladi.
Shavkat Mirziyoyev taqdimot qilingan loyihalar bilan batafsil tanishdi, tegishli farmonni imzolab, islohotlar dasturlari va “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” davlat dasturini tasdiqladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
111259
Jamiyat
94561
Jamiyat
90512
Jamiyat
74750
Jamiyat
//
Izoh yo‘q