“Ogʻir” toifali tumanlarda oilaviy tadbirkorlik uchun past foizli kreditlar beriladi

Saqlash
12:59 / 12.02.2026 32 0

1-martdan boshlab 37 ta “ogʻir” toifadagi tumanda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi ajratiladigan kreditlar foizi yillik 12 foizgacha pasaytiriladi. Bu prezidentning hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish oʻrinlarini yaratish hamda kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan qarorida koʻzda tutilgan.

 

Hujjatda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mahalla darajasidagi biznes loyihalarni moliyalashtirishni oshirish koʻzda tutilgan. Kreditlarning eng yuqori miqdorlari oshiriladi, ularning hisobidan tovarlar va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.

 

Mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagida boʻlgan (oʻzini oʻzi band qilgan) shaxslarga garov taʼminotisiz ajratiladigan kreditlar miqdori 50 mln soʻmgacha oshiriladi.

 

Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallada turizm va xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar oʻz faoliyatini kengaytirish uchun 1 mlrd soʻmgacha mablagʻ olishlari mumkin boʻladi. Bunda ular har 200 mln soʻm uchun kamida bitta ish oʻrni yaratish talabi mavjud.

 

Turizm salohiyati yuqori boʻlgan mahallalarda mehmon uylarini tashkil etish, shuningdek, ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash boʻyicha kichik majmualar tashkil etish uchun 150 mln soʻmgacha garovsiz kreditlar beriladi. Bundan tashqari, naslli qoramol va tuya sotib olish uchun 100 mln soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.

 

1-martdan “mahalla loyihasi” dasturlari doirasida mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida ajratilgan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga 1,2 trln soʻm ajratiladi hamda kompensatsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 

qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish loyihalari boʻyicha kreditlar uchun — 4 foizli band;

 

qoʻshilgan qiymat yaratishga yoʻnaltirilgan qayta ishlash loyihalari boʻyicha kreditlar uchun — 6 foizli band.

 

Tajribali dehqonlar oʻz mahallasidagi 10 ta xonadonni yuqori daromadli mahsulot yetishtirishga ixtisoslashtirgani uchun 2 mln soʻm subsidiya oladi. 30 foiz xonadon ixtisoslashsa, qoʻshimcha 75 mln soʻm beriladi.

 

Suv taʼminoti qiyin boʻlgan hududlardagi dehqonlarga tomorqa va ijaraga olingan yerlarni sugʻorish uchun quduq qazish, shuningdek, kamida 10 kVt/soat quvvatga ega quyosh panellarini oʻrnatish xarajatlarining 70 foiz (200 mln soʻmdan oshmagan) qismi qoplab beriladi.

 

Shuningdek, bogʻlar barpo etish va qayta qurish uchun subsidiyalarning yangi turlari joriy etilmoqda. Tomchilatib sugʻorishni joriy etish va har bir sotixdan yomgʻir suvini yigʻish uchun toʻlov 160 ming soʻmgacha boʻladi.

 

Bundan tashqari, sertifikatlangan mevali daraxt koʻchatlari va ularga tirgovuchlar xarajatining 50 foizi dehqonlarga qoplab beriladi. Meva turiga qarab, bitta koʻchat uchun eng koʻp subsidiya 30 ming soʻm va tirgovuch uchun 70 ming soʻmni tashkil etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//