Atoqli davlat va jamoat arbobi Kallibek Kamalov 100 yoshda vafot etdi

Saqlash
16:16 / 11.02.2026 35 0

Atoqli davlat va jamoat arbobi, taniqli mehnat faxriysi Kallibek Kamalov shu yil 11-fevral kuni 100 yoshida vafot etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Kallibek Kamalov 1926-yil 18-martda Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatib, harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, 1955-yilda Nukus davlat universitetini tamomladi. Mehnat faoliyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar qo‘mitasi kotibi lavozimidan boshlab, keyinchalik Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Nukus shahar ijroiya qo‘mitasi raisi bo‘lib ishladi.

 

Katta tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan Kamalov Qoraqalpog‘iston Respublikasi kommunal xo‘jaligi vaziri, yo‘l transporti va avtomobil yo‘llari vaziri, Qoraqalpog‘iston partiya qo‘mitasi kotibi lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi.

 

Butun hayoti va faoliyatini o‘zi tug‘ilib voyaga yetgan yurt ravnaqiga bag‘ishlagan mohir rahbar 1959–1963-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, 1963–1984-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya qo‘mitasining birinchi kotibi, Respublika yetakchisi kabi mas’ul vazifalarda jonbozlik ko‘rsatdi.

 

Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama taraqqiy ettirish, mavjud murakkab iqlim sharoitida paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik va boshqa qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini, shuningdek, sanoat va ishlab chiqarishni ravnaq toptirish, aholining turmush darajasini yaxshilash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

 

Kallibek Kamalov so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi sifatida keksalar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ularning manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, jamiyatda tinchlik, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarda faol ishtirok etib keldi.

 

U “Shuhrat” medali va “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//