1-iyuldan “kvartplata”dan qarzdorligi boʻlganlarning elektrga toʻlov qilishi cheklanadi

Saqlash
17:13 / 10.02.2026 54 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 5-fevraldagi koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qaroriga koʻra, turar joy mulkdori koʻp kvartirali uyning bank hisobvaragʻiga majburiy toʻlovlarni (kvartplata) oyning 15-sanasiga qadar amalga oshirmasa, elektr energiyasi uchun qilgan toʻlovlarining qabuli qarzdorlik toʻliq qoplangunga qadar toʻxtatib qoʻyiladi. Koʻp kvartirali uyning bank hisobvaragʻidagi mablagʻlar har oyda, birinchi navbatda, uyning elektr energiyasi uchun toʻlovlarni qoplashga yoʻnaltiriladi.

 

Shuningdek, qaror bilan yana bir tartib joriy etiladi: endi mulkdor tomonidan majburiy toʻlovlarning kechiktirilgan har bir kuni uchun toʻlov summasidan yuridik shaxslar uchun — 0,4%, jismoniy shaxslar uchun — 0,1% penya (jarima) hisoblanadi. Penya miqdori har bir oy uchun kechiktirilgan toʻlov summasining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak.

 

Hisoblangan penya mablagʻlari teng ulushlarda koʻp kvartirali uyning bank hisobvaragʻiga hamda “Mening uyim” tizimini saqlash xarajatlarini qoplashga yoʻnaltiriladi.

 

Raqamlashtirish va hisob-kitoblar shaffofligini taʼminlash maqsadida, koʻp kvartirali uylarda umumiy yigʻilish oʻtkazishni tashabbus qilish, oʻtkazish va qaror qabul qilish, shartnomalarni tuzish, boshqaruvchilar tomonidan xisobotlarni taqdim qilish, murojaatlarni qabul qilish va ularni koʻrib chiqish faqat “Mening uyim” ABTda amalga oshiriladi.

 

Ushbu tartib 2026-yilning 1-iyul sanasidan Toshkent shahrida, 2027-yildan boshlab respublikaning barcha hududlariga tatbiq etiladi.

 

Majburiy toʻlovlar faqat bank kartalari, elektron toʻlov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//