Rossiya oilasini olib kelmoqchi boʻlgan migrantlar uchun talablarni kuchaytirmoqchi

Saqlash
14:18 / 10.02.2026 35 0

Qonunchilik boʻyicha Rossiya hukumati komissiyasi mamlakatga oila aʼzolarini olib kelayotgan mehnat migrantlariga qoʻyiladigan talablarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini koʻrib chiqdi.

 

Unga koʻra, daromadi har bir oila aʼzosi uchun kamida yashash minimumini taʼminlasa, oʻz oilalari va farzandlarini mamlakatga olib kirishga ruxsat beriladi. Ushbu talab bu migrantlarning farzandlari va turmush oʻrtoqlari oldidagi ijtimoiy masʼuliyatini oshiradi.

 

Loyihada shuningdek, quyidagilar taklif etilgan:

 

– Migrant mamlakatga olib kelgan har bir voyaga yetmagan bola uchun soliq boʻyicha oldindan toʻlov qiladi. Bu toʻlov jismoniy shaxsning daromad soligʻi – bazaviy stavkaning 50 foiziga teng boʻladi.

– Bola 18 yoshga toʻlgach 30 kun ichida mamlakatni tark etishi yoki toʻliq toʻlovni amalga oshirgan holda oʻz patentini rasmiylashtirishi kerak.

 

– Daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotlar har uch oyda Ichki ishlar vazirligiga taqdim etiladi. Tasdiqlangan daromadlar yoʻqligi patent berishni yoki uning muddatini uzaytirishni rad etishga asos boʻladi.

 

Bundan tashqari, migrant yil davomida 10 oydan kam ishlagan boʻlsa yoki uning daromadi har bir oila aʼzosi uchun belgilangan minimumdan past boʻlsa, vaqtinchalik yashash ruxsati yoki yashash guvohnomasi bekor qilinishi mumkin.

 

“Vaqtinchalik yoki doimiy yashash joyini tasdiqlash uchun chet el fuqarosi qonuniy daromadni tasdiqlovchi quyidagi hujjatlardan birini taqdim etishi shart: daromad toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, soliq deklaratsiyasi, belgilangan toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat yoki investitsiya faoliyatidan olingan daromad”, deydi Rossiya Advokatlar Assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Vladimir Gruzdev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//