COVID-19ʻga qarshi vaksina olganlar hayoti xavf ostidami? SSV munosabat bildirildi

Saqlash
12:59 / 10.02.2026 122 0

Koronavirusga qarshi vaksina olgan insonlar hayoti xavf ostida ekani, xususan, ular saratonga chalinishi mumkinligi haqidagi xabarlar mutlaqo asossiz. Bu borada tarqalayotgan xabarlarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekov munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, pandemiya boshlangandan to hozirgacha dunyo boʻyicha 710 million kishi bu kasallikka chalingan, 7 milliondan koʻprogʻi hayotdan koʻz yumgan. Agar vaksina topilmagan va emlash tadbirlari oʻtkazilmaganda, bu raqamlar bir necha barobar yuqori boʻlishi mumkin edi. Buni vaksina kashf etilgunga qadar oʻtgan bir yil davomida oʻlim koʻrsatkichi yuqori boʻlgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

 

Atabekov qayd etishicha, qoʻllanilgan vaksinalar genomga salbiy taʼsir qilmasligi isbotlangan. Vaksinani qabul qilgan ayrim odamlarda turli salbiy holatlar, masalan, nafas olish qiyinlashuvi, tana harorati oshishi va yurakning tez urishi kabi belgilar kuzatilgani rost boʻlsa-da, oʻzgarishlar vaqtinchalik boʻlib, emlangandan soʻng 2-3 kun oʻtgach, barchasi ortda qolgan.

 

Tarqalgan xabarlarda onkologik kasalliklar xavfi ham vaksinaga bogʻliqligi, emlashdan keyin tanada paydo boʻlgan salbiy holat (qabul qilingan vaksina)dan qutulish uchun esa karabash va arslonpanjasi giyohlaridan foydalanish tavsiya etilgani mutaxassislarni taajjublantirgan.

 

Mutaxassisga koʻra, bu fikrlar sohadan umuman yiroq boʻlgan odamning fikridan boshqa narsa emas. Karabash asosan, shamollash, nafas yoʻllari yalligʻlanishida, arslonpanjasi esa ayollarda gormonal holatni moʻtadil ushlab turish maqsadida qaynatma sifatida ishlatiladi. Shundan kelib chiqilsa, ushbu ikki giyoh vaksinadan keyin paydo boʻlgan immunitetga taʼsir koʻrsatish va yoʻq qilish xususiyatiga ega emas.

 

“... Bu kabi xabarni tarqatish hamda bunday maʼlumotlarga ishonishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashish maqsadga muvofiq, deb bilamiz”, deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//