Siyosat
Oliy Majlis Senatining 5-fevral kungi yalpi majlisida senator Abdusaid Ko‘chimov nutq so‘zlab, bugungi murakkab xalqaro sharoitda O‘zbekiston o‘z manfaatlarini qat’iy himoya qilishi lozimligini ta’kidladi.
Abdusaid Ko‘chimov nutqida davlat rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasiga to‘xtalib, unda mamlakat taqdiri va taraqqiyotini belgilab beruvchi oltita ustuvor yo‘nalish belgilanganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ustuvor yo‘nalishlar yangi O‘zbekistonning poydevorini tashkil etadi va bugungi kun bilan kelajakdagi uchinchi renessans g‘oyalari o‘rtasida mustahkam bog‘liqlikni ta’minlaydi.
Senator murojaatnomada ko‘tarilgan masalalar nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro maydonda ham aks-sado berayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjatning bir necha xorijiy tillarga tarjima qilinib e’lon qilinayotgani unda ilgari surilgan g‘oyalar butun dunyo uchun dolzarb ekanini ko‘rsatadi.
U dunyodagi hozirgi vaziyatni izohlar ekan, xalqaro munosabatlarda keskinlik kuchayib borayotganini, zo‘ravon siyosat va beqaror qarorlar fonida hech kim bir lahza bo‘lsa-da xotirjam bo‘la olmasligini aytdi. U nutqida shoir Abdulla Oripovning “Deydilar it hurar — o‘tadi karvon” deb boshlanuvchi she’rini o‘qib, millat va davlat manfaatlarini himoya qilishda murosasizlik tamoyilini ta’kidladi.
Senator imperialistik g‘oyalarni ilgari surayotganlarning popugini pasaytirib qo‘yish kerakligini aytib, har qanday tashqi kuchning vasiylik da’volarini qabul qilib bo‘lmasligini ta'kidladi.
Nutq davomida Ko‘chimov ayrim tashqi kuchlarning o‘zini ustun qo‘yishga urinishlarini keskin tanqid qildi. U “Akillagan har qanday laycha yoki qashqirga qarshi o‘z joyida qat’iy javob berishimiz, aqlini kiritib qo‘yishimiz shart”, deya ta’kidladi. Senatorning fikricha, har qanday tahdidga nisbatan loqaydlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Abdusaid Ko‘chimov o‘z so‘zida O‘zbekiston o‘zini mehnati, aqli va amaliy ishlari bilan tanitishga harakat qilayotganini qayd etdi. Uning aytishicha, faqat birlik va qat’iyat bilangina tashqi bosimlarga munosib javob berish va ko‘zlangan ulkan maqsadlarga erishish mumkin.
Jahon
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
111057
Jamiyat
94515
Jamiyat
90457
Jamiyat
74530
Jamiyat
//
Izoh yo‘q