Jamiyat
Oliy Majlis Senati 5-fevraldagi yalpi majlisida “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirishlar kiritishni maʻqulladi.
Parlament yuqori palatasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar xorijiy buyurtmachilarga dasturiy mahsulotlar va raqamli kontent sotishda xalqaro elektron platformalardan keng foydalanmoqda. Shu bilan birga, Upwork, Fiverr, Envato va Storyblocks kabi qator platformalarda toʻlovlarni qabul qilish faqat PayPal tizimi orqali amalga oshiriladi.
Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda chiqarilgan bank kartalari PayPal tizimida toʻliq hajmda ishlamaydi. Bu shaxsga doir maʼlumotlarni faqat mamlakat hududida saqlash talabi bilan bogʻliq boʻlib, xususan, amaldagi “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonunda koʻzda tutilgan.
Natijada xalqaro toʻlov tizimlarining Oʻzbekiston bozoriga kirishi qisman cheklanib qolmoqda.
Bu haqda AQSH Davlat departamentining Oʻzbekistondagi 2025-yilgi investitsiya muhiti boʻyicha hisobotida ham aytib oʻtilgan edi. Unda “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi qonun normalari xalqaro onlayn toʻlov kompaniyalari faoliyatini sezilarli darajada cheklovchi omil sifatida koʻrsatilgan.
Bugungi kunda dunyodagi eng keng tarqalgan onlayn va kontaktsiz toʻlov tizimlaridan biri Google Pay hisoblanadi. Google kompaniyasining ushbu tizimi 97 ta davlatda faoliyat yuritadi va 150 milliondan ortiq foydalanuvchiga ega.
Eʼtiborli jihati shundaki, Google Pay Markaziy Osiyoning bir qator mamlakatlarida – Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikistonda allaqachon joriy etilgan boʻlib, bu mintaqada raqamli toʻlov infratuzilmasining jadal rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Biroq Oʻzbekiston fuqarolari ushbu tizimdan foydalanishlari uchun shaxsga doir maʼlumotlarini, jumladan, familiyasi, ismi, bank kartasi rekvizitlari, yashash manzili va boshqa maʼlumotlarni tizim ishlab chiquvchisi boʻlgan xorijiy kompaniyaga taqdim etishlari talab etiladi. Bu maʼlumotlar Oʻzbekiston hududidan tashqarida joylashgan serverlarda saqlanadi, bu esa amaldagi qonunchilik talablariga ziddir.
Senat maʼlumotlariga koʻra, kiritilayotgan oʻzgartirishlar aynan shu kabi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan.
Qonunga muvofiq, endilikda faqat shaxsga doir maʼlumotlarning ayrim toifalarini – xususan, biometrik, genetik maʼlumotlarni hamda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq maʼlumotlarni Oʻzbekiston hududida majburiy saqlash talab etiladi.
Boshqa turdagi shaxsga doir maʼlumotlarni xorijda uzatish, qayta ishlash va saqlash uchun ularning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha aniq talablar joriy etilmoqda:
– xorijiy davlatlarda maʼlumotlar xavfsizligining tegishli darajasini taʼminlash;
– vakolatli davlat organining talablariga rioya qilish;
– axborot xavfsizligi boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etish.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasiga shaxsga doir maʼlumotlar himoyasining tegishli darajasi taʼminlanadigan davlatlar roʻyxatini tasdiqlash huquqi berilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi elektron tijorat sohasidagi huquqiy bazani takomillashtirishga, aholi, biznes va chet ellik turistlar uchun xalqaro internet-platformalardan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
111044
Jamiyat
94512
Jamiyat
90454
Jamiyat
74514
Jamiyat
//
Izoh yo‘q