Oʻzbekistonga Buyuk Britaniyadan Baqtriya davriga oid artefaktlar keltirildi

Saqlash
10:29 / 05.02.2026 35 0

Qadimgi Baqtriya sivilizatsiyasiga oid noyob arxeologik artefaktlar Buyuk Britaniyadan Oʻzbekistonga olib kelindi. Ular Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida namoyish etilmoqda. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.

 

Ekspozitsiyadan Baqtriya jamiyatida ijtimoiy maqom va boylik ramzi hisoblangan oltin bilaguzuklar, ruhiy muhofaza va marosimiy ahamiyatga ega boʻlgan marjon va boʻyin taqinchoqlari, shuningdek, miloddan avvalgi IV asrga oid oltin pichoq qini kabi noyob eksponatlar oʻrin olgan.

 

Qayd etilishicha, oltin pichoq qini Ahamoniylar davlati davri va Iskandar Makedonskiy yurishlari bilan bogʻliq tarixiy jarayonlarni aks ettiradi. Qin yuzasidagi hayvonlar va afsonaviy obrazlar sak, sugʻd va baqtriya sanʻati anʻanalarining oʻzaro uygʻunligini namoyon etadi.

 

Markaz maʻlumotiga koʻra, ushbu artefaktlar Markaziy Osiyo hududida islomdan oldin ham yuksak madaniy va maʻnaviy muhit mavjud boʻlganini koʻrsatadi.

 

Maʻlumot uchun, qadimgi Baqtriya sivilizatsiyasi arxeologiyada Baqtriya-Margʻiyona arxeologik kompleksi yoki Oks sivilizatsiyasi sifatida ham maʻlum boʻlib, miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda Markaziy Osiyo hududida shakllangan. Tadqiqotlarga koʻra, ushbu madaniy makon hozirgi Afgʻonistonning shimoli, Tojikistonning janubiy hududlari hamda Oʻzbekistonning janubini qamrab olgan.

 

Amudaryo va uning Panj hamda Vaxsh kabi yirik irmoqlari atrofida sugʻorma dehqonchilik rivojlangan, ilk qishloq va shaharlar vujudga kelgan. Bu hududda shaharsozlik, hunarmandchilik, zargarlik va xalqaro savdo aloqalari shakllangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//