“Milliy qadriyatlar atlasi” loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtdi

Saqlash
19:11 / 04.02.2026 22 0

4-fevral kuni Tasviriy sanʼat Galereyasida “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekona qadriyatlarga xos musiqalar ohangi ostida boshlangan tadbirga Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanovning tabrik nutqi start berdi.

 

 

Biz ziyolilar oʻzimizga savol berdik: biz keyingi avlodga nima qoldiryapmiz? Qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni ularga qanday yetkazamiz? Shu savolga javob qidirib, yigirmaga yaqin olimlar bilan 1,5 yil davomida birga mehnat qildik, - deydi Hasanov.

 

Hasanov qayd etishicha, loyihada bironta mavjud rasmdan foydalanilmagan, aksincha, sunʼiy idrok va boshqa internet qidiruv tizimlarini boyitishga hissa qoʻshib, mingdan ortiq foto-suratlar olingan.

 

Bu ayniqsa, SIʼning bizning milliyligimizga oid shaxs yoki hududlarni aniqroq ifodalashi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

 

 

“Milliy qadriyatlar atlasi” loyihasi milliy maʼnaviyatni mustahkamlash, yosh avlodni milliy ruhda tarbiyalash, madaniy merosni saqlash va xalqaro miqyosda ommalashtirishga qaratilgan muhim tashabbus sanaladi.

 

Tadbirda kitob mualliflaridan boʻlgan Rahmon Qoʻchqorov, Olimjon Davlatov, shuningdek, Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat galereyasi direktori Akilova Kamola ham atlas haqida maʼruza qildi.

 

 

Markaziy bank Respublikaning moddiy boyliklarini saqlaydi. Lekin maʼnaviy boyliklarimizni kim, qaysi tashkilot saqlaydi, degan savolga yaqin-yaqingacha javob yoʻq edi. Lekin oxirgi vaqtlarda mana shu tashabbus bilan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi oʻrtaga chiqmoqda”, deydi Olimjon Davlatov.

 

 

Milliy qoʻshiq, xalq ogʻzaki ijodi asosidagi baxshi ijrosi va Folklor jamoasining chiqishlari ham taqdimotdan joy oldi.

 

 

Atlas haqida

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining kompleks ilmiy-amaliy izlanishlari orqali tayyorlab, nashr etilgan ushbu kitob-atlasi quyidagi 8 ustuvor yoʻnalishni oʻz ichiga oladi:

— Yangi Oʻzbekistonning milliy qadriyatlari;

— milliy-axloqiy qadriyatlar;

— urf-odatlar;

— marosimlar;

— bayramlar;

— milliy oʻyinlar;

— milliy-tabiiy qadriyatlar;

— milliy-badiiy qadriyatlar.

 

Kitob tayyorlanish jarayonida Respublikaning barcha hududlari qamrab olinib, ularning har biriga xos boʻlgan milliy qadriyatlar, urf-odat va anʼanalar, maʼnaviy meros, madaniy boyliklar, tarixiy yodgorliklar hamda milliy madaniyatga oid materiallar yigʻilib, tizimli ravishda tahlil qilingan va ilmiy-publitsistik uslubda qayta ishlangan. U oʻzbek, ingliz, rus tillarida nashr etiladi va milliy qadriyatlarimizni xalqaro miqyosda tizimli targʻib qilish, madaniy merosimizni jahon sivilizatsiyasi kontekstida munosib namoyon etish hamda Oʻzbekistonning maʼnaviy brendini shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Atlasda jamlangan materiallar asosida qadriyatim.uz — “Milliy qadriyatlar atlasi” elektron platformasi va uning mobil ilovasi ham ishlab chiqilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//