Madaniyat
“Behini forscha nomi bilan ataymiz. Aslida, bu so‘zning o‘zbekchasi hayva bo‘lib, bu haqda Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida ma’lumot bergan. O‘z tilimizdagi ana shu so‘zdan o‘zimiz foydalanmaymiz-u, lekin bu so‘z o‘ris tilida faol qo‘llanib kelayapti. Faqat o‘rislar uni o‘z tili xususiyatlariga moslashtirib, “h” tovushi ularda yo‘q bo‘lgani uchun, ayva tarzida qabul qilgan. Ko‘shk so‘zi ham dunyoni bir aylanib, oxiri kioska tarzida o‘zimizga qaytib keldi. Tobaki so‘zimiz tabakaga aylanib, o‘zligini yo‘qotgan holda o‘z uyiga qaytdi. Tilimizda bunday so‘zlar juda ko‘p.” Mazkur parcha filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent G‘ulom Bobojonovning “Millatning tayanch nuqtasi” maqolasidan olingan. “Globallashuv sharoitida milliy til xususidagi mulohazalar”ning to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2025-yil 4-sonida tanishing.
“Bizda kam aytiladigan bir gap: haqiqiy ijodkor Parvardigor mukammal yaratgan dunyoning har bir jilvasidan hayratga tushadi. Bu hayrat uning ongini, ruhini, boru yo‘g‘ini tuyrab o‘tadi. Mana shu mahobatli hayratni qog‘ozga tushira olish mahorati esa juda nodir va noyob bir hodisakim, bu maqomga ko‘tarilish hamma ijodkorga ham nasib etavermaydi. Ko‘tarilish nasib etganlar esa dunyoning mukammalligini va o‘z hayratining mansabini ich-ichdan sezadi. “Voh, Tangrim!” deb nogahon pichirlaydi u bir kunmas-bir kun. Bu pichirlash barcha hayqiriqlardan baland yangraydi...” O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning “ijodkor, she’riyat yo‘lining hayratlari” haqidagi fikr-mulohazalari “Mavjlar, tinimsiz mavjlar” sarlavhasi ostida e’lon qilingan.
“Maqom hech qachon ommaviy san’at turi bo‘lmagan. Uni xoslar kuylagan, xoslar tinglagan. Adabiyot, din va tarixdan tushunchasi bor odamgina maqomdan lazzat ola bilgan. Shu bois “Maqomni ilgari hamma eshitgan, hozir hech kim tinglamayapti” degan fikrlarga unchalik qo‘shilmayman. Insonning yoshi ulg‘ayib, o‘zligini anglagach, unda mumtoz kuy-qo‘shiqlarga rag‘bat uyg‘onadi.” “Ashula bilan qo‘shiqning farqi nimada?” suhbatida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdulla Shomag‘rupovning maqom san’ati va mumtoz ashulalar haqidagi iqror, xavotir va tavsiyalari bilan tanishasiz.
Jurnalning keyingi sahifalarida “Nima qilmoq kerak?” (Kamola Karomova), “Imom Abu Mansur Moturidiy islomiy e’tiqod ustozi” (Mirzo Kenjabek), “Olmoncha halollik” (Mirzaali Akbarov), “Sobiq harf teruvchi va qo‘rg‘oshin siri” (Bek Ali), “Tarbiya qiluvchilar tabib kabidir” (Qahramon Umidullayev), “Qalb tasdig‘i, til iqrori” (Nuriddin Ochilov) maqolalari, “Eshiklar o‘z-o‘zidan ochilmaydi” (O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan Shahnoza Rofiyeva) suhbatini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “Tish bilan tush orasi” (Bobo Ravshan), “O‘zlik mohiyati” (Husan Maqsud), “Qaltis savollarga nozik javoblar” (Abdug‘afur domla Niyozqulov), “Xazinaga yo‘liqqan 16-farzand” (Yunus Rajabiy haqidagi xotiralarni o‘g‘li tilidan Guljahon Namozova yozib olgan), “Til tubidagi ganja” (Bobur Elmurodov) mavzularida so‘z boradi.
“Luqmoni hakimdan “Nasihatlaringizning ko‘pini yoshlarga qaratasiz, yoshi kattaroqlarga kamroq nasihat qilasiz, buning sababini bilsak bo‘ladimi?” deb so‘rashganida u Bog‘bon yerni yumshatib, so‘ng ko‘chat o‘tqazsa, uning atrofini xas-xashakdan, yovvoyi o‘tlardan tozalab, vaqtida suv va o‘g‘it berib tursa, nihol tezda baquvvat, adl daraxtga aylanadi, serhosil bo‘ladi. Bola ham yoshligidan tarbiya qilinsa, go‘zal axloqli bo‘lib voyaga yetadi. U nafaqat o‘ziga, ota-onasiga ham baxt keltiradi, jamiyat uchun foydali, kerakli inson bo‘lib yetishadi” deb javob bergan ekan” “Nima qilmoq kerak?” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot”ni mutolaa qiling, jamiyat uchun keraklilar safida bo‘ling.
Madaniyat
Madaniyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
110992
Jamiyat
94499
Jamiyat
90433
Jamiyat
74453
Jamiyat
//
Izoh yo‘q