Dubayda dunyodagi ilk tilla ko'cha barpo etiladi

Saqlash
10:06 / 02.02.2026 17 0

Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida sayyohlar va zargarlik sohasi vakillari uchun  tilla bilan qoplangan dunyodagi ilk ko‘cha qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, “tilla ko‘cha” Dubayda yangi tashkil etiladigan zargarlik kvartalining markaziy qismi bo‘ladi. Loyiha mahalliy zargarlik sanoatini rivojlantirish, shuningdek, xorijiy sayyohlar va xaridorlarni jalb etishga qaratilgan. Tashabbus Ithra Dubai  kompaniyasi tomonidan ilgari surilgan. Loyiha tafsilotlari bosqichma-bosqich e’lon qilinishi kutilmoqda.

 

Dubay festivallari va chakana savdo boshqarmasi bosh direktori Ahmad al-Hajja mazkur loyiha haqida fikr bildirar ekan, oltin – Dubay madaniyati va savdosining ajralmas qismi ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi loyiha nafaqat tarixiy merosga hurmat, balki ijodkorlik va barqaror rivojlanishga asoslangan yangi davr talqinini ham ifodalaydi.

 

Mahalliy nashrlar qayd etishicha, yangi zargarlik hududida 1000 dan ortiq do‘kon joylashadi. Bu yerda tilla va zargarlik buyumlari bilan bir qatorda, atir-upa va kosmetika mahsulotlari ham sotiladi. Shuningdek, hududda oltita yangi mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Kvartal Dubayning eng qadimiy an’anaviy bozorlaridan biri bo‘lgan Tilla bozor yaqinida joylashadi.

 

Loyiha qiymati hozircha ochiqlanmagan.

 

Dubay — oltin xabi

 

Oltin – Dubay uchun shunchaki qimmatbaho metall emas, balki shahar iqtisodiyotining muhim tarmog‘i va tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Butun dunyoda oltin aylanmasining taxminan 20-25 foizi aynan Dubay orqali o‘tadi. Amirlik oltinni asosan xomashyo ko‘rinishida qabul qilib, qayta ishlaydi va tayyor mahsulot sifatida eksport qiladi. Dunyodagi eng og‘ir tilla uzuk “Taiba Najmat” ham aynan shu yerda saqlanadi. Uning vazni 64 kilodan ortadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//