Ayrim talabalarning turar joy xarajatlari qoplab beriladi

Saqlash
15:28 / 29.01.2026 41 0

Vazirlar Mahkamasining 28-yanvardagi qarori [32-son] bilan ayrim toifadagi talabalarning davlat oliy taʼlim tashkilotlari talabalar turar joylaridagi (TTJ) yashash xarajatlarini davlat byudjeti hisobidan qoplab berish tartibi tasdiqlandi.

 

Ushbu imtiyozdan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan farzandlari foydalanishi mumkin. Toʻlovlar talaba grant yoki kontrakt asosida oʻqishidan qatʼi nazar amalga oshiriladi.

 

Talabaning davlat oliy taʼlim tashkilotlari TTJdagi yashash xarajatini qoplab berish uning oilasi Ijtimoiy reyestrning “kambagʻallik chegarasidagi oila” toifasiga kiritilgan sanadan boshlab 12 oy davomida saqlanib qoladi.

 

Ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlar asosida komissiya tomonidan talabgorlar roʻyxati aniqlanadi.

 

Ariza beruvchi oʻquv yili uchun talabalar TTJda yashash xarajatlarini Davlat byudjeti hisobidan qoplab berish yuzasidan oʻzlari taʼlim oladigan oliy taʼlim tashkilotining rektori (filial direktori) nomiga oyning 7-sanasiga qadar ariza bilan murojaat qiladi. Ushbu muddatdan keyin taqdim etilgan arizalar ushbu oy boʻyicha yashash xarajatlarini qoplab berish uchun koʻrib chiqilmaydi.

 

Shuningdek, ariza beruvchi mustaqil ravishda komissiyaga “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish axborot tizimi” (kontrakt.edu.uz) orqali ariza yuboradi. Ariza tegishli oʻquv yili uchun bir marotaba yuboriladi.

 

Koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha komissiya yigʻilishining bayonnomasi asosida bir kun muddatda davlat oliy taʼlim tashkiloti rektori (filial direktori)ning tegishli buyrugʻi rasmiylashtirilib, arizalari qanoatlantirilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar va ularning roʻyxati toʻlovlarni amalga oshirish uchun oliy taʼlim tashkiloti buxgalteriyasiga taqdim etiladi.

 

Qarorga koʻra, talabalar TTJga ustuvorlik asosida, navbatsiz qabul qilinadi. Agar davlat yotoqxonasi boʻlmasa, talabalar davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan turar joylarga joylashtirilishi mumkin. Toʻlovlar har oyning 15-sanasiga qadar talabaning bank plastik kartasiga oʻtkazib beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//